AsosiyJamiyat

Andijonda "qorong`i" trassadagi YTH oqibatida ikki kishi halok bo`ldi(video)

'Andijonda "qorong`i" trassadagi YTH oqibatida ikki kishi halok bo`ldi(video)'ning rasmi

Farg`ona halqa avtomobil yo`li (R-112)ning Andijon viloyati Asaka tumani «Yuqori Bo`z» mahallasi hududidan o`tgan qismida 6 noyabr kuni soat taxminan 23:50 da inson o`limi bilan tugagan yo`l-transport hodisasi sodir bo`ldi, deya xabar bermoqda IIV Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi.

Fuqaro M.A. boshqaruvidagi VAZ-21011 «Jiguli» avtomobili qirg`izistonlik haydovchining MAN yuk avtomobili bilan to`qnashgan. Oqibatda «Jiguli»da bo`lgan uch kishi og`ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan — ikki nafari Asaka tumanidagi shifoxonada vafot etgan, yana birining ahvoli og`ir, deb baholanmoqda.

«Ushbu YTHning kelib chiqishiga, avvalo, haydovchining xavfli burilish joyida avtomobil boshqaruvini yo`qotishi, ikkinchidan, tungi vaqtda ustunlardagi yoritish chiroqlarining o`chiq bo`lgani sabab sifatida ko`rsatilishi mumkin. Mazkur holat bo`yicha yoritish chiroqlaridan qarzdorlik mavjud bo`lganini aniqladik — tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan yoritish chiroqlari o`chirib qo`yilgan. Shu joyda yoritish chiroqlari ishlab turganida, bunday og`ir oqibatli YTH sodir bo`lmasligi ham mumkin edi», — deydi Andijon viloyati IIB YHXB boshlig`i Saidolim Zingirov.

Asaka tumani Obodonlashtirish boshqarmasi Ko`cha chiroqlari bo`limi boshlig`i Rasuljon Akbarov vaziyat yuzasidan izoh berarkan, «yo`l kengayib, yana qo`shimcha chiroq ustunlari o`rnatilgani tufayli, qarzdorliklar ko`payib ketgan, oqibatda tuman elektr tarmoqlari korxonasi ustunlardagi chiroqlarni tarmoqdan uzib, maxsus shkaflarni muhrlab qo`ygan». Qayd etishlaricha, ko`chadagi chiroqlari ta`mirdan chiqarilgan, yangi yoritish uskunalari o`rnatilgan holatda bo`lgan. 

Andijon viloyati IIB YHXB vakili Fazliddin Burhonovning ta`kidlashicha, avtomobil yo`lida barcha belgilar, chiziqlar, to`siqlar me`yorlarga mos, biroq ikki kun davomida ustunlardagi chiroqlar ishlamagan. Uning so`zlariga ko`ra hozirda YTH yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va Tergov organi tomonidan vaziyatga huquqiy baho beriladi.

Boshqa yangiliklar