AsosiyJamiyat

2021 yil 1 sentyabrdan boshlab farzandingizga "metirka" olish uchun idorama-idora sarson bo`lmaysiz

'2021 yil 1 sentyabrdan boshlab farzandingizga "metirka" olish uchun idorama-idora sarson bo`lmaysiz'ning rasmi

Tug`ilganlikni qayd etish bilan bog`liq kompleks davlat xizmatlarini ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi   xabar berdi.

Unga ko`ra, ushbu turdagi xizmatlar 2021 yil 1 fevraldan barcha viloyatlar markazlarida, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab esa -butun respublika hududida ko`rsatiladi.

  Tug`ilganlikni qayd etish bilan bog`liq kompleks davlat xizmatlarini ko`rsatish deganda 

✅tug`ilganlik haqidagi tibbiy ma`lumotnoma olish,

✅tug`ilganlikni qayd etish,

✅poliklinikaga hisobga qo`yish,  

✅bir martalik nafaqa pulini olish, bolani ro`yxatga qo`yish hamda bolani davlat maktabgacha ta`lim tashkilotiga navbatga qo`yish bo`yicha kompleks davlat xizmatlari bir joyda ko`rsatiladi. 

Adliya vazirligining ma`lum qilishicha, bola tug`ilgan joydagi tibbiyot muassasasi xodimi bola tug`ilganidan so`ng 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi ma`lumotlarni “Tug`ilish va o`limni, shu jumladan perinatal o`limni elektron ro`yxatga olish” axborot almashinuvi tizimiga kiritadi.

Ma`lumotlar avtomatik ravishda "FHDYo yagona elektron arxivi" axborot tizimiga yuboriladi.  

FHDYo bo`limi ma`lumotlarni qabul qilib olganidan so`ng 3 ish soati ichida ko`rib chiqadi va bolaga tug`ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtiradi.  

Ma`lumotlar kompleks tartibda boshqa xizmatlarni ko`rsatish uchun avtomatik ravishda Ichki ishlar, Maktabgacha ta`lim, Sog`liqni saqlash vazirliklari hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi axborot tizimlariga yuboriladi.  

 Shunga ko`ra:

● Tuman (shahar) ichki ishlar bo`limi – bolani 1 kun ichida tegishli manzil bo`yicha doimiy ro`yxatga qo`yadi;

● Maktabgacha ta`lim vazirligi – maktabgacha ta`limni boshqarishning axborot tizimida so`rovda ko`rsatilgan bog`chaga bolani avtomatik ravishda navbatga qo`yadi;

● Sog`liqni saqlash vazirligi – 1 ish kuni ichida ona ro`yxatda turgan poliklinikaga (ro`yxatda turmagan taqdirda doimiy yoki vaqtincha ro`yxatda turgan yashash manzilidagi poliklinikaga) bolani ro`yxatga qo`yadi;

● Pensiya jamg`armasi bo`limi – farzand tug`ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini avtomatik ravishda rasmiylashtiradi.    

 Bolaning otasi yoki onasi bola tug`ilgandan boshlab 6 oy muddat ichida bir martalik nafaqa pulini olish uchun Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilishi mumkin (6 oydan keyin murojaat qilinsa, bir martalik nafaqani to`lash rad etiladi).

Hujjat haqidagi to`liq ma`lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.

    Boshqa yangiliklar