1

Keratodermiya teringizga ziyon etkazmasin!

Salomatlik 15.01.2016, 12:58
Keratodermiya teringizga ziyon etkazmasin!

Keratodermiya – qo`l va oyoq kafti terisining dag`allashishi bilan namoyon bo`ladigan kasallik. Organizmda vitamin A etishmasligi, gormonal buzilishlar, bakteriyali va virusli infeksiyalar keratodermiyalar rivojlanishida muhim o`rin tutadi.

Kasallikning ikkita turi mavjud:

  • Diffuz keratodermiyasi nasliy sabablarga ko`ra kelib chiqadi. Bunda qo`l va oyoq kafti terisining ortiqcha dag`allashishi kuzatiladi. Ko`pincha kasallik bola hayotining birinchi yilida rivojlanadi.

Bolada diffuz keratodermiya tug`ma holda uchrashi mumkin. Dastlab bemorning qo`l va oyoq kafti terisi biroz qalinlashadi. Sog`lom va zararlangan teri o`rtasida ko`kimtir-kulrang chiziq (yoki tasma) bo`ladi. Vaqt o`tishi bilan zararlangan sohadagi teri dag`allashadi, uning yuzasi tekis yoki g`adir-budir ko`rinadi, rangi esa sarg`ish, jigarrang tus oladi.

Ba`zan zararlangan sohada yoriqlar paydo bo`lishi mumkin. Kaft va barmoqlarning tashqi tarafi kamdan-kam hollarda zararlanadi. Tirnoqlar tez o`sib qalinlashadi. Qo`l va oyoq kaftidagi yoriqlar (ayniqsa yallig`langanda) og`riqqa sabab bo`lishi mumkin.

  • O`choqli keratodermiyasi ham nasl suradi. Kasallikning birinchi belgilari 15-30 yoshlar oralig`ida paydo bo`lishi mumkin. Bemorning qo`l va oyoq kafti, barmoqlar bukiladigan joylar terisida diametri 2-10 millimetr bo`lgan pushtirang tugunchalar paydo bo`ladi. Bu tugunchalar sarg`ish-jigarrang tiqinlarga aylanadi. Ular ko`chganda terida kratersimon chuqurchalar qoladi.

Keratodermiyalarning ba`zi turlarida qo`l va oyoq kafti dag`allashishidan tashqari ichki a`zolar, endokrin, asab tizimi ishida ham buzilishlar kuzatiladi, tish va og`iz bo`shlig`i kasalliklari yuzaga keladi. Shuningdek, soch va tirnoqlar ham zararlanishi mumkin.

Davolash dermatolog shifokor nazorati ostida olib boriladi. Kerakli dori-darmonlar va vitaminlar (shu jumladan, vitamin A) qabul qilish, shuningdek maxsus maz, kremlar, fizioterapiya muolajalari buyuriladi.

Dermatolog-kosmetolog shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Gulbahor Nuritdinova tavsiyalari asosida tayyorlandi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1