AsosiyJamiyat

Prezident Qashqadaryoda vaziyatni tubdan o`zgarishi uchun barcha imkoniyat borligini, buning uchun hamma uyg`onishi kerakligini aytdi

'Prezident Qashqadaryoda vaziyatni tubdan o`zgarishi uchun barcha imkoniyat borligini, buning uchun hamma  uyg`onishi kerakligini aytdi'ning rasmi

Qarshi shahrida o`tgan yig`ilishda Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

– Qashqadaryoda barcha sohalarda vaziyat tubdan o`zgarishi shart. Buning uchun viloyatda hamma imkoniyat bor. Hamma uyg`onishi kerak, – dedi Prezident. 

Hokimlarning takliflari va viloyatdagi muammolarning tahlilidan kelib chiqib, tadbirkorlik asosiy yo`nalish etib belgilandi. 2021 yil Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish yili deb e`lon qilindi. Bu borada manzilli ishlash uchun tuman va shaharlarga vazirlar, tarmoq va banklar rahbarlari biriktirildi.

Davlatimiz rahbari bugungi bozor talabi va «o`sish nuqtalari»dan kelib chiqib, tumanlarni muayyan iqtisodiyot yo`nalishlariga ixtisoslashtirish zarurligini ta`kidladi. 

Xususan, Yakkabog`, Qamashi, Chiroqchi, Shahrisabz va Kitob tumanlari bog`dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashtiriladi. G`uzor va Muborak tumanlarida neft-gaz-kimyo, Chiroqchi va Dehqonobod tumanlarida qurilish materiallari bo`yicha ko`plab korxonalar tashkil etish mumkin. 

Kasbi, Nishon, Mirishkor va Koson tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirib, yirik komplekslar va kichik bo`rdoqichilik fermalari tashkil etish, ozuqa bazasi uchun er ajratish vazifasi qo`yildi.

Moliya vazirligiga chorvachilik uchun o`zlashtiriladigan er, boqilgan har bir bosh qoramol uchun subsidiya berish mexanizmini yo`lga qo`yish topshirildi.

Viloyatda 2021-2022 yillarda amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 28 trillion so`m bo`lgan 950 ta loyiha ishlab chiqilgan. Bu loyihalar natijasida 15 mingta yangi ish o`rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Kambag`allikni qisqartirish, yordamga muhtoj va ishsiz aholiga daromad manbai yaratish choralari ko`rib chiqildi.

Mutasaddilarga kelgusi yilda 50 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish bo`yicha topshiriq berildi.

Prezidentimiz aholini uy-joy bilan ta`minlash, yo`llar, ichimlik suvi tarmoqlari qurish masalalariga alohida e`tibor qaratdi. Viloyatda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta`minlanish darajasini 79 foizga, xususan, bu borada vaziyat og`ir bo`lgan G`uzor tumanida 50 foizga etkazish vazifasi qo`yildi.

Yoshlar va ayollar manfaatlarini ta`minlash masalasi chuqur tahlil qilindi.

– Viloyatda yoshlar bilan ishlash bo`yicha yangi tizim joriy etiladi. Hokimlar har haftada bir kunni yoshlar bilan ishlash kuni deb e`lon qilib, ularning muammolari bilan shug`ullanadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo`lgan 2 ming 815 nafar ayolning turmush sharoitini yaxshilash, ishsiz xotin-qizlarni «Ustoz-shogird» an`analari asosida hunarmandchilikka jalb etish choralari belgilandi.

– Biz tanlagan yo`l – mashaqqat yo`li. Qashqadaryo bo`yicha ulkan rejalarimiz bor, juda katta mablag` berilyapti. Endi eng asosiy vazifa va talab – shu mablag`ni to`g`ri yo`naltirib, odamlar manfaati uchun ishlatish, yaxshi sharoit yaratish, – dedi davlatimiz rahbari.

 

 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar