Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning ovozi deyilayotgan navbatdagi audio tarqaldi. Katta ehtimol bilan bu audio hokimning kecha tarqalgan «nutqi»ning davomi bo`lishi mumkin. Chunki, ovozdan tashqari ohang ham deyarli bir xil, deya yozmoqda xabar.uz
Bu safargi audioda yangragan gaplar Sh. Abdurahmonovning tadbirkorlar bilan munosabati haqida tasavvur beradi. Ya`nikim, hokim qachon o`tgani noma`lum yig`ilishda Toshkentdan kelgan mutasaddi (Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov) ishtirokida tadbirkorlar bilan bo`lib o`tgan uchrashuvni eslaydi. Audio mazmunicha, poytaxtlik mehmonning «Kimda qanday murojaat bor?» savoliga uchta mahalliy tadbirkor qo`l ko`taradi. Shundan keyin hokimniki «qo`zib ketadi» va «Tur o`rningdan, nima murojaating bor, bo`lsa, ayt?!» deydi. Qo`l ko`targan odam esa «ha, endi..» deb chaylanganini aytar ekan, hokim u «bilmay qo`l ko`tarvorganini» urg`ulaydi va «Andijon shahrining shakali»ga o`xshatadi.
Gapining davomida Sh. Abdurahmonov kim Bosh vazirga murojaat qilsa, (o`sha murojaat) baribir o`ziga kelishi, mabodo, biror shikoyat Toshkent orqali kelsa, (murojaaatchining) ketiga (hokim shu so`zning qo`pol muqobilini ishlatadi) tepishini ta`kidlaydi.
Audio nihoyasida «ikkita sassiqning gapi bilan hech narsa o`zgarib qolmasligi», «noma`lum shaxs(lar)ga qarata senlarni odam tuqqanmi yo it tuqqanmi?», «E, semirmay o`l, to`ng`iz!» degan haqoratlar bor...
Eslatib o`tamiz, Andijon viloyati hokimining kecha tarqalgan audiosi yuzasidan bildirilgan munosabatda ovoz Sh. Abdurahmonovga tegishli ekani tan olinib, u «ikki yil muqaddam yozib olinganligi» ta`kidlangan edi.
Audioyozuvning ikkinchi - «shallaqi» ayollarni 15 sutkaga «tiqib qo`ygani» haqidagi qismi xususida esa lom-lim deyilmagan.
Mavzuga oid: