2030 yilga borib mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 2 barobar oshirish vazifasini qo`yishimiz uchun bugun, hech shubhasiz, barcha asoslarimiz bor.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma`ruzasida ta`kidlab o`tdi.
Bu yo`lda tub tarkibiy o`zgarishlarni amalga oshirish hisobidan sanoatni jadal rivojlantirish va yalpi ichki mahsulotda uning ulushini 2015 yildagi 33,5 foizdan 40 foizga etkazish, qishloq xo`jaligi ulushini esa 16,6 foizdan 8-10 foizga kamaytirish, energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish evaziga yalpi ichki mahsulot uchun sarflanadigan energiya hajmini taxminan 2 barobar qisqartirishga erishmog`imiz kerak.
Biz o`z oldimizga qo`ygan vazifalar qanchalik asosli ekanini quyidagi hisob-kitoblar ko`rsatib turibdi. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 2016-2030 yillarda 2 barobar ko`payishiga erishish uchun o`rtacha yillik o`sish sur`atlari 4,8 foiz darajasida bo`lishini ta`minlash zarur. Agar keyingi 11 yilda bu ko`rsatkich 8 foizdan yuqori bo`lib kelganini hisobga oladigan bo`lsak, bu vazifani amalga oshirish uchun mustahkam asos va zamin borligi yaqqol ayon bo`ladi.





