Zarbdor tumani Alisher Navoiy mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi, 1984 yilda tug`ilgan I.B. spirtli ichimlik ta`sirida tumanning Toshkesgan mahallasida yashovchi qaynotasinikiga yo`l oldi. Uning maqsadi arazlab ketib qolgan turmush o`rtog`i, 1988 yilda tug`ilgan M.A.ni uyiga qaytarish edi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, yigit qaynotasinikida ham turmush o`rtog`i bilan janjallashib qolgan. Natijada I.B.: “Mening shu ahvolga tushishimga sen sababchisan, hali oilang bilan javob berasan”, degancha o`zi bilan olib kelgan oshxona pichog`ini qaynotasining qorniga tiqadi.
Erkak qorin bo`shlig`iga o`tkir tig`li jismning sanchilib kirishi tashxisi bilan Zarbdor tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo`limiga yotqizilgan. Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






