2020/21 o`quv yili boshlanishidan oldin Xalq ta`limi vazirligi Kundalik tizimiga ulangan maktab o`quvchilarining ota-onalariga qog`oz kundalik sotib olmasliklari, uning o`rniga elektron muqobiliga obuna bo`lish lozimligini ma`lum qilgan edi.
Elektron Kundalik platformasi bilan ishlash uchun ajratilgan sinov muddati tugagani munosabati bilan, elektron kundalik platformasining boshqa funksiyalaridan foydalanish uchun obuna bo`lish lozim bo`ladi.
Qog`ozli o`rniga elektron Kundalik
Elektron Kundalik platformasiga yillik obuna narxi qog`oz kundalikning o`rtacha narxiga teng — 9 200 so`m. Uch va undan ortiq farzandi bor oilalar uchun 10 foizlik chegirma mavjud.
Ushbu miqdorni to`lab, ota-ona va o`quvchining istagan boshqa yaqin qarindoshlari bir kalendar yil davomida bolaning maktab hayotini kuzatish imkoniga ega bo`ladi.
Elektron to`lovning ikki yo`li mavjud: plastik karta hamda CLICK to`lov tizimi orqali. Elektron kundalik uchun to`lovni amalga oshirish yo`riqnomasi bilan bu erda tanishish mumkin.
‼️Kundalik obunasi uchun to`lovni 30 noyabrdan e`tiboran amalga oshirish mumkin.
Eslatib o`tamiz, 23 noyabrdan sinov muddatining oxirgi 7 kuni boshlanadi. Ota-onalarga o`zlarining profillaridan kirish va barcha farzandlarining kundaliklarini ko`ra olishlarini tekshirishlari tavsiya etiladi.
Kundalik’da ota-onaning bitta akkauntiga har bir farzandini “bog`lash” mumkin. Buning uchun farzandingiz ta`lim olayotgan muassasaga murojaat qilish lozim.
Foydali jihatini bilasizmi?
Elektron kundalik yordamida ota-onalar ishdan chalg`imagan holda masofadan turib farzandlarini barcha baholaridan, maktab hayotidan xabardor bo`lishi, sinf rahbari va boshqa o`qituvchilar bilan doimiy aloqada bo`lib, bolada o`quv jarayoni bilan bog`liq qiyinchiliklarni o`z vaqtida engishga yordam berishi mumkin.
O`qituvchining vaqti tejaladi!
Avvalgidek, maktablar uchun byudjet mablag`lari hisobiga sotib olingan qog`oz muqobilida bo`lgani kabi, o`qituvchilar uchun elektron jurnaldan foydalanish bepul taqdim etiladi. Ko`p yillar davomida elektron jurnal va kundalik qo`llanilayotgan mamlakatlar tajribasi shuni ko`rsatmoqdaki, o`qituvchilar uning yordami bilan har chorakda 20 soatdan ortiq ish vaqtini tejaydi. Mazkur tejalgan vaqtni esa o`qituvchi bolalar bilan ijodiy shug`ullanishga yoki qo`shimcha o`quv materiallarini o`zlashtirishga sarflashi mumkin.
Shaxsiy ma`lumotlar ishonchli himoyada
Kundalik.com TAS-IX hududida joylashgan bo`lib, platforma bilan ishlashda uyali aloqa operatorlari orqali foydalaniladigan internet-trafik sarflanmaydi. Foydalanuvchilar to`g`risidagi barcha ma`lumotlar “O`zbektelekom” serverlarida saqlanadi. Bu esa, o`quv jarayonidagi barcha ishtirokchilarning shaxsiy ma`lumotlari ishonchli himoyada ekanligini anglatadi.






