Davlat aktivlarini xususiylashtirish, avvalo, chet ellik investorlarga sotish vazifalari qo`yildi va buning uchun tegishli sharoitlar yaratildi.
Masalan, 506 ta mulk kompleksi tanlov asosida, investisiya kiritish sharti bilan «nol» qiymatida yangi mulkdorlarga sotildi. Bu borada ana shu investorlar qariyb 1 trillion so`m va 40 million AQSh dollari miqdorida investisiya kiritish, shuningdek, 22 mingga yaqin yangi ish o`rni yaratish majburiyatini olganini qayd etish lozim.
Shu bilan birga, 245 ta kam rentabelli va faoliyat ko`rsatmayotgan tashkilot to`liq tugatildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma`ruzasida qayd etildi.
Xususiylashtirish dasturida ko`zda tutilgan, foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan 353 ta davlat mulki ob`ekti buzilib, buning natijasida 120 gektar hajmidagi er maydoni bo`shadi. Bu erlarning qariyb 80 gektari ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish va xizmatlar ko`rsatish ob`ektlari qurish uchun tadbirkorlar tasarrufiga berildi.
Davlat mulki shaklidagi yana 319 ta ana shunday ob`ekt inventarizasiya qilinib, xususiy mulk shakliga o`tkazish uchun savdoga qo`yildi va o`tgan yili ularning 102 tasi yangi mulkdorlarga sotildi. Bundan tashqari, 378 ta aksiyadorlik jamiyatining davlat ulushi baholandi va chet ellik strategik investorlarga sotish uchun ochiq savdoga qo`yildi.
Shuni alohida ta`kidlash kerakki, izchil rivojlanayotgan va muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan «Navoiyazot», «Farg`onaazot», «Urganch ekskavator», «Qizilqumsement», «Jizzax akkumulyator zavodi» aksiyadorlik jamiyatlari kabi korxonalar, «Aloqabank», «Turonbank» singari banklar, «O`zagrosug`urta» kompaniyasi va boshqa muassasalardagi davlatga tegishli aksiyalar ham savdoga qo`yildi.
Shu tariqa 52 ta aksiyadorlik jamiyatidagi savdoga qo`yilgan davlat ulushi xususiy mulkdorlarga sotildi.





