Ijtimoiy tarmoqlarda "Troll.uz" nomli blogi bilan mashhur bo`lgan bloger Umid Gafurov 18 noyabr kuni Ichki ishlar bo`limiga chaqirtirilgan. Qo`ng`iroq qilgan IIB hodimi "UzAutoMotors" AJ tomonidan uning ustidan shikoyat arizasi berilganini ma`lum qilgan. Shundan so`ng bloger Ichki ishlar bo`limiga borgan.
IIBda bo`lib qaytgan Umid Gafurov kechga borib o`z Telegram va Instagram sahifalarida quyidagicha izoh qoldirdi:
"20 oktyabr kuni Instagramda jonli efir qilgandim. U efirimda rosa so`kingandim. Lekin aniq bir shaxsga qaratib so`kinmadim, shunchaki umumiy. Qizig`i, efir oddiy boshlangan. 2-3 daqiqadan keyin shuncha paytdan beri buzilib ketgan asablarim tufayli so`kina ketdim. Menimcha, barchaga tanish vaziyat.
Orasida mashina narxlari bo`yicha ham so`kinishlarim bor edi. Mashina narxlarini «asossiz tanqid» qilibman. "UzAM" shunga xafa bo`libdi ekan, meni jonli efirimni diskka ko`chirib, Ichki Ishlarga ariza yozibdi. Tovba.
U erga borganimdan keyin, menga Ichki ishlar vazirligidan telefon qilib, meni asossiz chaqirishganini aytib, uzr ham so`rashdi. Chunki men efir davomida ma`lum bir shaxsga nisbatan so`kinmadim.
Xullas, nimanidir bahona qilishmoqchi ekan UzAM. Topgan bahonasini qarang. Yosh bolaga o`xshaydi. Biror bir jiddiyroq narsa, deb o`ylagandim.
Shu vaqt ichida menga juda ko`p joydan qo`ng`iroq qilishdi. Vaziyatda yordam bermoqchi bo`lgan ko`plab do`stlarim, blogerlar, kanal adminlari, deputatlar, Vazirlik va IIB ga katta rahmat!
Bu arizani yozgan "UzAutoMotors" yuridik boshqarmasi direktori R.R. Shaymardonovga alangali salomlar.
Blogerlarning jonli efirini tomosha qilish shart emas. Issiq kabinetdan ko`chaga chiqing, avto narxlari haqida xalqning fikrini so`rang. Hammasini nomiga ariza yozishga umringiz etmaydi, o`rtoq Shaymardonov, yoki Shaymardonovga shu buyruqni bergan boshqa odam…", deb yozgan bloger Umid Gafurov.






