Sportning Taekvondo WTF turi bo`yicha O`zbekiston chempioni va Osiyo chempionati sovrindori bo`lgan J. o`ta og`ir jinoyatga qo`l urdi. Bu haqda E.Hakimov, jinoyat ishlari bo`yicha Qo`qon shahar sudining sudyasi UzAga so`zlab berdi.
U sportda erishgan yutuqlari asosida berilgan imtiyoz asosida O`zbekiston Milliy universitetiga qabul qilingandi. Endigina 18 yoshni qarshilagan J.ning bolalarcha qiziqishi O`zbekiston tumani IIB YHXGga qarashli «Shodlik» MFY hududida joylashgan jarima maydonida saqlanayotgan “JAWA” rusumli motosiklni o`g`irlik yo`li bilan olib qochishga undadi.
«Qahramon»imiz 2020 yil 2 sentyabr kuni soat 02:00 larda “JAWA” rusumli motosiklni o`g`irlashga o`g`irlab olib chiqdi-yu, yo`lda ketayotganda qilgan ishidan afsuslanib, o`zi yashaydigan mahalla profilaktika inspektorining telefon raqamiga qo`ng`iroq qilib, jarima maydonidan motosikl o`g`irlab chiqqanini aytib, aybini bo`yniga oldi.
Birozdan so`ng, etib kelgan profilaktika inspektori tegishli hujjatlarni rasmiylashtirdi. Natijada, motosikl jarima maydonchasiga qaytarildi, J. esa qamoqqa ravona bo`ldi.
Sud majlisida so`ralgan J. mototsikl minishga juda qiziqqani sababli ushbu motosiklni o`g`irlab chiqqanini, uni shu kuni minib, keyin yana joyiga olib borib qo`ymoqchi bo`lganini bildirdi.
Motosikl egasi esa suddan arzimagan narxdagi motosiklini deb J.ning kelajagini barbod qilmaslikni, agar u ozodlikdan mahrum qilinadigan bo`lsa, o`sha motosiklini kerak bo`lsa yoqib yuborishini, J. sodir etgan jinoyat natijasida hech qanday moddiy zarar ko`rmagani, uni kechirganini aytib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan engilroq jazo tayinlashni so`radi.
J. o`zining jinoiy harakatlari bilan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi «g» bandida ko`rsatilgan jinoyatni qasddan sodir etgan. U Jinoyat kodeksida belgilangan modda sanksiyasi doirasida 10 yildan 15 yilgacha ozodligi mahrum qilinishi mumkin edi.
Lekin sud J.ga jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati jabrlanuvchiga zarar etkazilmagani, uning O`zbekiston Milliy universiteti talabasi ekani, sportning Taekvondo WTF turi bo`yicha erishgan yutuqlari, aybini bo`yniga olish to`g`risida arz va pushaymonligini hisobga oldi.
O`zbekiston Yoshlar ittifoqi Farg`ona viloyat kengashi tomonidan berilgan ijobiy tavsifnomani hisobga olib, sud JKning 57-moddasini qo`llab, modda sanksiyasida nazarda tutilmagan ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni, J.ga kech soat 21:00 dan ertalab soat 6:00 gacha yashash joyidan chiqmaslik, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash va o`qish joyini o`zgartirmaslik kabi taqiqlarni yuklab sud zalidan darhol qamoqdan ozod qilishni lozim topdi.
Ehtiyot chorasi sifatida ikki oydan ortiq muddat qamoqda saqlangan J. ozodlik qadri naqadar yuksak ekanini anglab, o`qib, sportning Taekvondo WTF turi bo`yicha albatta Osiyo va Jahon chempioni bo`lishga va`da berdi.