Ob-havoning birdaniga o`zgargani, qor yog`ib yo`llarning sirpanchiq holatga kelib qolgani serqatnov trassalarda avtomobillar harakatini qiyinlashtirib qo`ydi.
Buning oqibatida Samarqandda 20 nafar yo`lovchisi bo`lgan avtobus halokatga uchradi. YTH haqida viloyat prokuraturasi rasmiy xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 2020 yil 18 noyabr kuni soat taxminan 22:30 da haydovchi A.I. boshqaruvida bo`lgan “GOLDEN DRAGON” rusumli avtobus 20 nafar yo`lovchi bilan Oqdaryo tuman “Paxtaobod” mahallasi, “Mustaqillik” qishlog`i hududidan o`tuvchi “Samarqand-Buxoro” M-37 avtomobil yo`lida ag`darilib ketgan. Bunga asfaltning yuza qismi sirpanchiq bo`lganligi sabab bo`lgani aytilmoqda.
Buning natijasida haydovchi avtomashina boshqaruvini yo`qotib qo`ygan va yo`lning o`ng tomon chetki qismidagi pastlikka ag`darilib ketishi oqibatida yo`l-transport hodisasi sodir bo`lgan.
YTH natijasida avtobusda yo`lovchi sifatida kelayotgan fuqarolar A.B. va F.R.lar turli darajadagi tan jarohatlari olib Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Hodisa sodir bo`lgan joyga tezkor-tergov guruhi a`zolari chiqishgan va hozirda mazkur holat yuzasidan Oqdaryo tuman IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






