SamAuto 2021-2022 yillarda elektrobuslar ishlab chiqarishni o`zlashtirishni rejalashtirmoqda. Yo`lovchilarning ushbu turdagi transportga talablarini aniqlash uchun kompaniya «Toshshahartransxizmat» AJga sinov elektrobusini taqdim etdi.
Ekspluatasiya jarayonida SamAuto mutaxassislari o`z elektrobusini ishlab chiqishda hisobga olish maqsadida yo`lovchilar va haydovchilarning fikrlarini, shuningdek mazkur modelning sifati va funksional vazifalarini o`rganadi va ularning monitoringini olib boradi.
«Ushbu elektrobus elektrotransport ishlab chiqarish bo`yicha Xitoyning "BYD"kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Bir martalik quvvatlantirish hisobiga 300 km masofani bosib o`tadi. Bu shahar avtobusining o`rtacha bir kunlik masofa bosishiga mos keladi. To`liq quvvatlantirishni elektr tarmog`iga yuklama kamroq bo`lgan paytda 3-4 soat ichida bajarish mumkin. Elektrobuslar xizmat ko`rsatish jihatidan sodda, shovqinsiz hamda gaz va dizel transportiga qaraganda kam harajat talab qiladi», — dedi SamAuto bosh direktori o`rinbosari, marketing va sotuvlar bo`limi rahbari Ilhom Yarashev.
Elektrobusning uzunligi 12 metrni, yo`lovchilarni tashish hajmi — 76 kishini tashkil qiladi. Uning poli past, zinapoyalar va podiumning yo`qligi tufayli yo`lovchilar (shu jumladan pensionerlar, aravachalarda harakatlanuvchi yo`lovchilar, alohida ehtiyojli kishilar) salon bo`yicha erkin harakatlana oladilar. Shuningdek, elektrobus videokuzatuv kamerasi va avtomatik havo namligini saqlash va isitish tizimi bilan jihozlangan.
Ma`lum qilinishicha, 2030 yilgacha Atrof-muhitni muhofaza qilish Konsepsiyasiga muvofiq, O`zbekiston ijtimoiy transportining kamida 50 foizi zararli moddalarni havoga chiqarishni kamaytirish uchun muqobil yoqilg`i turlariga o`tishi kerak.
Ertaga 20 noyabrdan boshlab yo`lovchilar ushbu elektrobus xizmatidan foydalanishlari uchun «Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan 51-sonli (“Yununsobod 6 mavze – Beshyog`och dahasi) yo`nalishga chiqariladi.






