Avvalroq, Rossiyada bir necha oydan buyon o`rmonda otasi bilan yashayotgan o`zbek bola topilgani haqida xabar bergan edik.
So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, Moskva viloyatidagi Balashixa o`rmonidan topilgan Maugli laqabli bolaga tug`ilgan to`g`risidagi guvohnoma berilgan. Bu haqda ushbu hududdagi bolalar huquqlari bo`yicha vakil Kseniya Mishonova 18 noyabr kuni o`z Instagramida xabar bergan.
«Kun yaxshi yangilik bilan yakuniga etyapti. Balashixa o`rmonida yashagan Amal ismli bolakayimiz bugun ikkinchi marta otasini topdi. Bolada hujjatlar bo`lmagani uchun, uning tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasiga otasini qayd etish uchun sud qarorini kutish kerak edi. DNK tahlili, hujjatlarni yig`ish va qayta tiklash, majburiy ayriliq ortda qoldi. Oldinda uzoq va baxtli hayot turibdi deya umid qilamiz. Endi hammasi yaxshi bo`ladi», — deb yozadi ombudsman.
Gap shundaki, sud «maugli» bilan birga yashayotgan odamni uning haqiqiy otasi ekanligini tasdiqlagan. Mazkur qaror DNK-test asosida tasdiqlandi va buning uchun zarur hujjatlar to`plandi. Xayrli ishga O`zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ham hissa qo`shdi. Tez orada erkak kishiga vatanga qaytish to`g`risida sertifikat berilishi kutilyapti.
Eslatib o`tamiz, sakkiz yoshda deb taxmin qilinayotgan bola bolalar maydonchasida tengdoshlari bilan o`ynash maqsadida borgan vaqtida ko`ringan edi. Shundan so`ng u uysizlar yonidagi o`rmon kulbasida otasi bilan yashashi aniqlangandi.