AsosiyJamiyat

Prezident aholi sog`liqni saqlash tizimidan norozi ekanini ta`kidladi

'Prezident aholi sog`liqni saqlash tizimidan norozi ekanini ta`kidladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari va pedagoglar bilan muloqot qildi.

– Toshkentda sifatli tibbiy xizmat va maktab ta`limiga qanday erishamiz? Meni shu savol qiynaydi. Sizlar bilan uchrashishdan maqsad – quyi tizimdagi masalalarni bilish, to`g`ri yo`l tutish, – dedi davlatimiz rahbari.

2020 yil barcha sohalar uchun katta sinov bo`ldi. Tibbiyot xodimlari ham, o`qituvchilar ham yangicha shart-sharoitda ishlashiga to`g`ri keldi.

– Og`ir sinovlar paytida birlashdik. Bu sinovlar bizni izlanishga majbur qildi. Shuning uchun natija bo`ldi, – dedi Prezident. 

Ayni paytda, pandemiya qaysi sohalarda oqsash borligini, islohot, rivojlanish yo`nalishlarini ham ko`rsatib berdi. Joriy yil 30 oktyabr kuni ta`lim-tarbiya tizimi, 6 noyabrda esa sog`liqni saqlash sohasi bo`yicha o`tkazilgan videoselektor yig`ilishlari shu maqsadga qaratilgan edi. Ularda muhokama qilingan dolzarb masalalar va bildirilgan takliflar asosida ta`lim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirish, birlamchi tibbiy muassasalar faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish, sog`lom turmush tarzini keng tatbiq etish bo`yicha Prezidentning farmon va qarorlari qabul qilindi.   

Bugungi uchrashuvda ta`lim va tibbiyot sohalaridagi islohotlarning ahamiyati, ularni quyi tizimda amalga oshirish choralari haqida suhbatlashildi.

Shavkat Mirziyoev aholi sog`liqni saqlash tizimidan norozi ekanini ta`kidladi.

– Shifoxonadan chiqqan 20 ta odam bilan gaplashinglar, hammasini aytadi. Ko`pchilik tibbiy xizmatlar sifatidan norozi, – dedi Prezident.

Aholi o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, kasalliklarni erta aniqlash va davolashning ilg`or tajribasini joriy etish, tibbiyot muassasalari sharoitini yaxshilash bo`yicha fikrlar bildirdi.

Sog`liqni saqlash va ta`lim tizimlari aholi salomatligi, yosh avlod kamolotida hamohang ekani ta`kidlandi.

– Tibbiyot va ta`lim – davlat va xalq o`rtasidagi adolat ko`prigi, – deya ta`kidladi Shavkat Mirziyoev. – Hammamiz o`zimizni qiynab, halol bo`lib, bu tizimlarni to`g`rilab olsak, ana shunda adolat ta`minlanadi. Xalqimiz rozi bo`ladi. Toshkent bunda namuna bo`lishi kerak.

 


 

    Boshqa yangiliklar