Xabar berilganidek, bugun, 20 noyabr kuni parlament yuqori palatasining to`qqizinchi yalpi majlisi bo`lib o`tmoqda. Unda Senat raisi gaz va chiroq haqidagi minglab murojaatlar haqida gapirdi.
— Senat yalpi majlisi onlayn tarzda bo`layotgani uchun minglab internet foydalanuvchilari gaz va elektr muammosini qachon hal qilasizlar, degan savol bilan bizga murojaat qilishyapti.
«Sizlar o`zi gaz-chiroq yo`qligini eshitasizlarmi? Jurnalist, blogerlarni, aholining gaplarini kuzatasizlarmi o`zi?» degan savollarni berishmoqda.
Albatta kuzatamiz. Mana, shu erda o`tirib ham, yuzlab-minglab izohlarni o`qib o`tiribmiz.
Hurmatli hamyurtlar, men sizlarga ommaviy axborot vositalari orqali va`da beraman — bu muammo albatta o`rganiladi. Bizda byudjet masalalari va tadbirkorlikni rivojlantirish bilan shug`ullanadigan qo`mitamiz bor, gaz-svet bo`yicha shug`ullanadigan alohida qo`mita yo`q. Ana shu qo`mitadan iltimos qilamiz — mana, hozir minglab aholining murojaatini e`tiborga olib, energiya ta`minoti masalasini maxsus o`rganib chiqishingizni so`raymiz.
Nima uchun joylarga gaz-elektr etib bormayapti? Tegishli mutasaddilardan ushbu savolga javob olishimiz kerak. Chunki hozir mablag`dan muammo yo`q. Nega unda hududlarga etib bormayapti va xalqimizning e`tirozlariga sabab bo`lyapti? Bu masalani tez kunlarda o`rganib chiqamiz va albatta navbatdagi yig`ilishimizda xalqqa axborot beriladi.






