AsosiyJamiyat

9 oyda 720 ta og`ir, 207 ta o`ta og`ir turdagi jinoyatlar fosh etilmagan

'9 oyda 720 ta og`ir, 207 ta o`ta og`ir turdagi jinoyatlar fosh etilmagan'ning rasmi

Xabar berilganidek, bugun, 20 noyabr kuni parlament yuqori palatasining to`qqizinchi yalpi majlisi bo`lib o`tmoqda. Majlisda senatorlar tomonidan “Genom bo`yicha davlat ro`yxatiga olish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi va ma`qullandi.

Oliy Majlis Senati a`zosi Farhod Boqiev o`z ma`ruzasida so`ngi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda sud-huquq tizimini bosqichma-bosqich mustahkamlab borish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarini inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda halq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil organga aylantirishga qaratilgan keng ko`lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilganiga to`xtaldi.

– Sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar qonun ustuvorligini ta`minlash bilan birga huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etishga imkon yaratgan sabab va sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, sodir etilgan jinoyatlarni “izi sovimasdan” fosh etishda foydalaniladigan ilmiy-texnik usul va vositalarni modernizasiya qilishni talab qilmoqda, – dedi Senat a`zosi F.Boqiev. – Tahlillarga nazar tashlaydigan bo`lsak, mazkur “Genom bo`yicha davlat ro`yxatiga olish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunni qabul qilishning nechog`li ahamiyatli ekanligini anglashimiz mumkin.

 2019 yil va 2020 yilning 9 oyi davomida 720 ta og`ir, 207 ta o`ta og`ir turdagi jinoyatlar fosh etilmagan. Shundan 35 tasi qotillik,
18 tasi og`ir tan jarohati etkazish, 5 tasi nomusga tegish, 11 tasi bosqinchilik jinoyatlarini tashkil etadi. Bundan tashqari, birgina 2020 yilning 9 oyida 367 ta bedarak yo`qolgan fuqarolar topilmagan va 224 ta noma`lum murdalar shaxsi aniqlanmagan.

Ta`kidlash joizki, hozirda sodir etilayotgan og`ir va o`ta og`ir turdagi jinoyatlar to`liq fosh etilishi va jazo muqarrarligini ta`minlashni talab etadi. Bunda jinoyatchilar tomonidan hodisa joylarida o`z izlarini qoldirmaslik maqsadida turli xil usullardan foydalanilmoqda. Fosh etilmagan jinoyatlar esa o`z navbatida jinoyatchilarga jazolanmaslik hissini kuchaytirib, kelgusi jinoiy faoliyatini davom ettirishga imkon bermoqda. Buning oqibatida esa jamiyatda jinoiy faoliyatga ko`nikkan shaxslar jinoyat izlarini yashirishga urinmoqda. 

Ma`lumot uchun, bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida og`ir jinoyat uchun 8311 nafar va o`ta og`ir jinoyat uchun 15 765 nafar, jinsiy erkinlikka qarshi qaratilgan jinoyatlar uchun 1777 nafar sudlangan shaxslar mavjud. Qolaversa, og`ir va o`ta og`ir jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilinib,  jazo muddatini o`tab ozodlikka chiqqan lekin sudlanganlik holati tugatilmagan shaxslardan ham majburiy ravishda Genom bo`yicha davlat ro`yxatiga olinadi.

 

    Boshqa yangiliklar