AsosiyJamiyat

Prezident poytaxdagi Respublika ko`p tarmoqli tibbiyot markazi qurilishini borib ko`rdi

'Prezident poytaxdagi Respublika ko`p tarmoqli tibbiyot markazi qurilishini borib ko`rdi'ning rasmi

Prezident Matbuot xizmatining xabariga ko`ra, markazda jarrohlik, reanimasiya, ko`z mikroxirurgiyasi, umumiy terapiya, nefrologiya, pulmonologiya, gepatologiya, allergologiya, kardiologiya, qon-tomir jarrohligi, kardio-reanimasiya, stomatologiya, gastroenterologiya, endokrinologiya va boshqa ixtisoslashtirilgan bo`limlar bo`ladi. Tibbiy xizmatlar xalqaro standartlar asosida kompleks tarzda ko`rsatiladi.

- Bunday, hamma yo`nalishni qamrab olgan klinikani boshqarish tajribasi bizda yo`q. Shuning uchun bu erni boshqarishni tajribali xorijlik menejerlarga berish, ularni hozirdan jalb etib, qurilish va jihozlash bo`yicha takliflarini olish zarur, - dedi davlat rahbari.

Markazda 600 ta koyka bo`ladi. Ambulator va stasionar tartibda 200 dan ortiq tibbiy xizmat yo`lga qo`yiladi. Yiliga 3000 dan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to`qimalarni ko`chirib o`tkazish kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish mumkin bo`ladi.

Prezident Qoraqalpog`iston va viloyatlarda quriladigan klinikalarni ushbu markaz bilan bog`lash muhimligini ta`kidladi.

- Bemorlar uchun eng azoblisi - yo`l. Uzoq hududlardagi kasallarga masofadan tashxis qo`yish va davolashni tashkil etib, xalqimizni shu qiyinchilikdan xalos qilish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Markaz faoliyatini tashkil etishda xalqaro aloqalarga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi davlatlarning etakchi klinikalari bilan hamkorlik yo`lga qo`yilib, chet ellik shifokorlar ishga olinishi mo`ljallangan.

Bu erda 250 nafar shifokor, 500 nafar o`rta tibbiyot xodimi ishlaydi. Malakali kadrlar tayyorlash maqsadida ta`lim–amaliyot–ilm-fan integrasiyasiga keng o`rin beriladi.

Xalq tilida «eski ToshMI» deb yuritiladigan hududda qurilayotgan ushbu zamonaviy shifoxonani kelgusi yil dekabrda foydalanishga topshirish mo`ljallangan.

 

 

 


 

    Boshqa yangiliklar