Prezident Shavkat Mirziyoev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga tashrif buyurdi.
Ma`lum qilinishicha, bu erda kardiojarrohlik, transplantologiya va neyro-qon-tomir jarrohligi bo`limlari uchun 75 o`rinli yangi bino qurilmoqda. Buning natijasida mazkur murakkab yo`nalishlarda zamonaviy sharoit yaratiladi, ham jarrohlik amaliyotlari o`tkazish qamrovi oshadi.
Ushbu bo`limlarda yiliga qo`shimcha 3 ming bemorga yuqori texnologik shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatishga imkoniyat bo`ladi. Bu erda ishlaydigan shifokorlar Avstriya, Turkiya va Yaponiyadagi etakchi tibbiy ilmiy markazlarda malaka oshirib qaytdi.
Bundan tashqari, intervension muolajalar bo`limida har yili qo`shimcha mingdan ziyod o`tkir koronar sindrom, bosh miya qon aylanishining o`tkir buzilishida yuqori darajadagi minimal invaziv diagnostika va davolash muolajalari o`tkaziladi.
Shuningdek, binoda reanimasiya bo`limi, intensiv davolash o`rinlari, amaliyot bo`limlari, yuqori texnologik uskunalarga ega tashxislash bo`limi bo`ladi. Yangi imorat 2021 yilda foydalanishga topshiriladi.
Prezident bo`limlar qurilishini ko`zdan kechirdi. Bu shifoxona ilmiy markaz ekaniga alohida urg`u berib, malakali xizmat qamrovini kengaytirish zarurligini ta`kidladi. Buning uchun uni birlamchi bo`g`in bilan bog`lash, chet eldan olimlarni jalb etib, joylardagi shifokorlar bilan tajriba almashtirish yuzasidan ko`rsatmalar berildi.






