AsosiyJamiyat

"Toshkent, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryoda avtomatik cheklovlar kiritildi". Vazirlik To`raqo`rg`on IESdagi avariya bo`yicha izoh berdi

'"Toshkent, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryoda avtomatik cheklovlar kiritildi". Vazirlik To`raqo`rg`on IESdagi avariya bo`yicha izoh berdi'ning rasmi

Sal avval bugun soat 15:50lar chamasida To`raqo`rg`on IESda avariyali o`chish sodir bo`lgani va natijada Namangan viloyatining ko`plab hududlari ayni paytda elektr tokisiz qolgani xabar qilingan edi. 

Mazkur yuzaga kelgan nosozlik bo`yicha Energetika vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

"Bugun 20 noyabr kuni soat 15-51da To`raqo`rg`on IESning 2 ta energobloki avariyaviy to`xtadi. Buning natijasida mazkur stansiya orqali energotizimga etkazib berilayotgan quvvat 600 MVtga kamaydi.

Buning oqibatida vodiy viloyatlari, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida avtomatik ravishda cheklovlar kiritildi.  

Operativ tarzda o`tkazilgan o`rganishlarga ko`ra, avariyaviy to`xtash 2-energoblokining yuqori bosimli barabanidagi o`lchov datchiklarining impuls liniyasi muzlab qolishi va buning oqibatida suv satxining ko`tarilishi natijasida ro`y bergan. 1-energoblok esa chastotaning pasayishi natijasida to`xtagan.

Ushbu quvvat etishmovchiligini qoplash uchun Taxiatosh IESda quvvati 280 MVt bo`lgan 1-energoblok soat 16-30da ishga tushirildi. Hozirda 30 MVt quvvatda ishlamoqda. Soat 22-00ga qadar 200 MVt quvvatga chiqariladi.

Tolimarjon IESda quvvati 450 MVt bo`lgan 2-energoblokning gaz turbinasi soat 16-11 da ishga tushirildi. Hozirda 300 MVt to`liq quvvatda ishlamoqda.

Hozirda To`raqo`rg`on IESda muzlagan himoya datchiklarini sozlash ishlari bajarilib, 2-energoblok soat 17-50 da tizimga ulandi. Ayni paytda 150 MVt quvvat bermoqda. Bugun soat 19-00 ga qadar quvvati 250 MVtga chiqariladi. 1-energoblok bugun soat 19-30 gacha ishga tushirilib, tizimga 200 MVt quvvat beradi. Natijada bugun soat 21-00 ga qadar ushbu energobloklarda 700 MVt quvvatga etadi.

Shuningdek, elektr ta`minotidagi uzilish sababli Zirabuloq kompressor stansiyasida bugun soat 15-45 da 4 ta va 15-55 da G`allaorol kompressor stansiyasida 4 ta gaz haydash agregatlarining vaqtincha to`xtashi ro`y berdi. Soat 16-35 ga qadar elektr ta`minoti tiklanib, kompressor stansiyalari shtat rejimda ishlashga o`tdi", deyiladi Vazirlik Matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga doir:

Energetika vazirligi elektr ta`minotidagi uzilishlarning sababini izohladi

    Boshqa yangiliklar