AsosiyJamiyat

Mulkni "snos"dan qanday saqlab qolish mumkin? Fuqarolik huquqlaringizni bilib oling!

'Mulkni "snos"dan qanday saqlab qolish mumkin? Fuqarolik huquqlaringizni bilib oling!'ning rasmi

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev o`z Telegram kanalida eslatib o`tdi.

"Ohirgi vaqtlarda ko`chmas mulklar, shu jumladan uy-joylarni davlat va jamoat ehtiyojlari (snos) uchun, degan vaj bilan buzishda qonunbuzilish holatlari ko`payib ketdi.

Afsuski, mas`ullardan qonunlarga rioya etishlarini qancha talab qilmaylik, biroq mulk daxlsizligini buzganlik uchun ularga nisbatan jazosizlik va man-manlik sabab qonunlarni buzishda davom etayotgan mansabdorlar hamon uchrab turibdi. Ayniqsa, Jizzax, Surxondaryo, Farg`ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridan kelayotgan murojaatlarda ko`plab fuqaro va tadbirkorlarning mulklari g`ayriqonuniy yo`llar bilan buzilib, kompensasiya ham qoplanmaganligi ko`rinmoqda. Biroq bunday beboshlik uzoq davom etishi mumkinmas.

Shu bois, hurmatli mulkdor va tadbirkorlardan o`z mulklarini himoya qilishda bir qator jihatlarga e`tibor berishlarini so`rab qolardim. Agar sizning joyingizni buzib, er uchastkasini olib qo`yishmoqchi bo`lsa dastlab bu haqida rasmiy «ogohlantirish xati»ni talab qiling. «Ogohlantirish xati» berishsa, unda qanday maqsad uchun sizning joyingiz buzilishga tushayotganligini yaxshilab o`qib chiqing.

Bordiyu, ko`p qavatli uy, savdo markazi yoki boshqa xildagi tadbirkorlik faoliyati bilan bog`liq qurilish belgilangan bo`lsa bilingki, Sizning joy yoki uyingizni g`ayriqonuniy ravishda buzishmoqchi. Chunki sizning ko`chmas mulkingiz faqat davlat va jamoat ehtiyojlari uchungina majburiy buzilishga tushishi mumkin.

Qaysi holatlar davlat va jamiyat ehtiyojlariga kirishi esa O`zbekiston Respublikasi Prezidentning 2018 yil 1 avgustdagi 5495-sonli Farmonida aniq belgilab qo`yilgan. Unga ko`ra, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalarini olib qo`yishga faqat quyidagi maqsadlarda yo`l qo`yiladi:

mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun erlarni taqdim etish;

xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;

foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;

avtomobil va temir yo`llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigasiya ob`ektlari va aviatexnika markazlari, temir yo`l transporti ob`ektlari, ko`priklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi ob`ektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat ob`ektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);

aholi punktlari bosh rejalarini O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan ob`ektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida to`g`ridan-to`g`ri nazarda tutilgan boshqa hollarda. Boshqa barcha holatlarda er uchastkasini olib qo`yish uchun ko`chmas mulkni buzish g`ayriqonuniydir. 

Mulkingiz davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilishga tushgan taqdirda ham Siz bundan norozi bo`lsangiz, toki sud tomonidan bu ish ko`rilib qonuniy qaror qabul qilinmaguncha, sizning tanlov va talabingizga ko`ra kompensasiya va boshqa to`lovlar to`liq qoplanmaguncha mulkingizni buzishlari mumkinmas. 

Buni yodda tuting va talab qiling!" - deb yozadi Kusherbaev.

    Boshqa yangiliklar