Ta`lim inspeksiyasining Sirdaryo viloyati bo`limi tomonidan Sirdaryo tumanida o`tkazilgan o`rganish mobaynida bir qator kamchiliklar borligi aniqlangan. Bu haqda O`z A xabar berdi.
O`rganishlarga ko`ra, tumandagi bir qator umumta`lim maktablarida o`tilayotgan darslarning sifati pastligi, o`qituvchilarning darslarga tayyorgarliksiz kelishi, o`quvchilar davomadi nazorati sustligi, tarbiyaviy ishlar o`z holiga tashlab qo`yilganligi ko`zguda aks etgandek, namoyon bo`lgan.
Tumandagi 42- umumta`lim maktabida shu yilning o`zida 3 nafar 11-sinf o`quvchisi talonchilik jinoyatini sodir etgan. 21-maktab o`quvchisi Sh.U. esa giyohvandlik moddasi bilan mutasaddi idora xodimlari tomonidan qo`lga olingan. Yoki 27-umumta`lim maktabi o`quvchisi S.R. o`qish, bilim olish o`rniga o`g`rilik bilan mashg`ul bo`lib, voyaga etmaganlar o`rtasida jinoyat sodir etgan.
Ta`lim sifatining pastligi tuman bo`yicha joriy yilda maktabni tamomlagan 1 ming 635 nafar bitiruvchidan atigi 179 nafari yoki 14,6 foizigina oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirgan, xolos. Bu ko`rsatgichlarni maktablar kesimida tahlil qilganda, ertamiz ishonib topshirmoqchi bo`lgan yoshlarimizning bilim saviyasi naqadar pastligiga o`zingiz guvoh bo`lasiz.
Yana boshqa faktlarga nazar tashlasak, tumandagi 28-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabining geometriya fani o`qituvchisi N.Elboev 7 nafar o`quvchisi darsga kelmagan bo`lsada, yo`qlama qilib, ularning darsda yo`g`ligini jurnalda qayd etmagan. Bu o`quvchilar qaerda? Nima ish bilan shug`ullanmoqda? degan savollar javobsiz qolmoqda.
Afsuski, ushbu savollarga javob berayotgan mas`ulning o`zi yo`q. O`qituvchining qo`lida na AKT vositalari, na savollar to`plami, na test topshiriqlari, na ko`rgazmali qurollar va na yangi mavzuning bayoni bor?!. Unda kalendar rejadan boshqa hech narsa yo`q. Xo`sh u o`quvchiga nimani o`rgatadiyu, o`quvchisi undan nima oladi. Eng achinarlisi bunga o`xshash holat tumandagi 3, 21, 42-sonli umumta`lim maktablarida ham kuzatilgan.
Tumandagi umumta`lim maktablari direktorlari va ularning o`rinbosarlari, tuman xalq ta`limi bo`limi mas`ullari ishtirokida o`tkazilgan tanqidiy ruhdagi yig`ilishda aynan shu masalalar muhokama etildi.
Biz yuqorida aytgan va aytmagan, ta`lim sohasidagi yana bir qator kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi, fikrlar bildirilib, takliflar kiritildi. Maktab direktorining o`quv ishlari bo`yicha o`rinbosarlari darsning sifati, o`qituvchining darsga tayyorgarligini nazorat qilmayotganligi tanqid qilindi.
Yig`ilishda viloyat xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan tumandagi 5 ta umumta`lim maktablarining direktorlari yo`l qo`ygan xato va kamchiliklari uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Viloyat hokimining o`rinbosari O.Nosirov, Ta`lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi viloyat bo`limi rahbari H.Yodgorov va boshqalar tomonidan viloyat xalq ta`limi boshqarmasi oldiga aniq vazifalar qo`yildi.






