Yaqinda Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda taqdimoti bo`lib o`tan “Baron” filmi hali ekranlarga chiqmasdan katta muhokamalarga sabab bo`ldi.
Filmdan so`ng rejissyor Rustam Sa`diev yangi rejalari, film to`g`risidagi fikrlari bilan Kinorama.uz nashri bilan o`rtoqlashdi.
— Men filmga birinchi navbatda Vatan oldidagi burch tushunchasi nuqtai nazaridan yondoshdim. Bizning o`sib kelayotgan yosh avlodlarimiz farovon o`sib ulg`ayishi uchun ko`rinmas front jangchilarining juda katta mehnati turadi. Millatimiz qadriga etishi kerak bo`lgan ko`p tushunchalar borligini bilishimiz kerak. Biz tinchligimiz ortida qanchadan qancha o`zbek o`g`lonlarining mehnati yotgani haqida gapirmoqchi bo`ldik. Aktyorlarni ham shu nuqtai nazardan tanlab oldim.
Shuningdek, rejissyor “Baron” filmining ikkinchi qismini suratga olish rejasi oldindan tuzilganligini aytib o`tdi.
— Rejamiz bo`yicha bir necha oydan keyin film ssenariysi tayyor bo`lib, tasdiqdan o`tgandan so`ng yozning oxirgi oylarida “Baron 2” filmining suratga olish ishlari boshlanishi kerak, deydi Rustam Sa`diev.
Eslatib o`tamiz, mazkur filmda Gollivud aktyori G`asson Mas`ud, Rossiya xalq artisti Andrey Smolyakov, Viktor Verjbitskiy, Pavel Priluchniy hamda “Brigada” filmida o`ynagan Farhod Mahmudov, O`zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov, Ulug`bek Qodirov, Javohir Zokirov, Muhammadiso Abdulhairov, Bekzod Hamroev, Habibulla Nizomov, Dilnoza Kubaeva, Shahlo Temirova, Jamila G`ofurova, Shahzoda Matchonova, Dilorom Egamberdieva kabi aktyorlarni ko`rishimiz mumkin bo`ladi.





