Ijtimoiy tarmoqlarda Andijondagi maktab o`quvchilari tashkil etilgan tadbirda ustki kiyimsiz tashqarida bayroq hilpiratib turgani aks etgan suratlar tarqaldi.
Andijon viloyati xalq ta`limi boshqarmasi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, mazkur holat joriy yilning 22 noyabr kuni Andijon shahar 43-umumta`lim maktabidagi tadbirga tegishli.
Hozirda Andijon viloyati xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib holat o`rganilmoqda. O`rganish yakunlari bo`yicha rasmiy munosabat beriladi, deyiladi rasmiy munosabatda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qoraqalpog`iston tibbiyot institutida talabalar sovuq havoda madhiya aytishga majburlanganligi haqidagi xabarlar paydo bo`ldi. Mazkur holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi rasmiy telegram kanalida munosabat bildirildi.
"Oliy ta`lim muassasalari tomonidan «Yangi O`zbekiston – yangicha dunyoqarash» shioriga asosan keng ko`lamli targ`ibot ishlarini o`tkazish bo`yicha bir oy muddatta Respublikadagi barcha oliy ta`lim muassasalari, kasb-hunar kolledjlari va akademik liseylarda har kuni dars boshlanishidan avval Davlat madhiyasini va tanaffus vaqtida Vatan haqidagi qo`shiqlar va she`rlar ijro etilishi belgilangan.
Bu tantanali tadbirning ijrosi Qoraqalpog`iston tibbiyot institutida boshlandi va har dars oldidan ijro etilishi belgilangan. Bu tadbir havo harorati iliq kunlarda tashqarida o`tkazilgan. Kun sovugandan so`ng bu jarayon o`quv binolarining ichida, o`qish auditoriyalarida masofani saqlagan holda va niqobda amalga oshirilmoqda", - deyiladi munosabatda.






