Farg`ona viloyatining O`zbekiston tumanida yuzaga kelgan elektr energiyasi ta`minotidagi uzilishlar bo`yicha "Farg`ona HETK" AJ Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Joriy yilning 22 noyabr kuni soat 8:10 da O`zbekiston tumani hududida joylashgan 110/35/10 kVli “Yaypan” nimstansiyasida elektr energiyasi iste`molining ortib ketishi natijasida 16000 kVA quvvatga ega bo`lgan transformator punkti favqulodda avariyali holatda o`chgan. Natijada “Bo`ston”, “Shodlik”, “Elchi”, "Bekobod", "Sho`rqishloq", "Kenagas", "Karimobod", "Islom" “Uchbilak”, “Qo`rg`oncha” MFYlar hududlaridagi iste`molchilarning elektr energiyasi ta`minotida uzilishlar yuzaga keldi.
Ushbu muammoni bartaraf etish uchun, shuningdek, iste`molchilar uzoq muddat elektr energiya ta`minotisiz qolishining oldini olish maqsadida kech soat 20:35 da “Yaypan” nimstansiyasidagi avariya holatida o`chgan T-2 kuch transformatoridan ta`minlanuvchi iste`molchilar ta`minoti vaqtincha ushbu nimstansiyadagi T-1 kuch transfortmatoriga o`tkazilib, aholini elektr energiyasi bilan ta`minlash choralari ko`rilgan.
“Yaypan” nimstasiyasiga “Farg`ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning tegishli brigadalari to`liq tarkibda jalb qilingani, ushbu vaziyatni bartaraf etish choralari tez fursatlarda o`z yakuniga etkazilishini ma`lum qilamiz. Bunday avariyali holatlarning qayta yuzaga kelmasligi va ularning oldini olish borasida viloyatning barcha tuman va shahar hududlarida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan o`z vaqtida choralar ko`rmaganligi sababli “Yaypan” nimstansiyasi ma`sullariga qonunchilikka ko`ra choralar ko`rilganligini ma`lum qilamiz.






