AOKAda o`tkazilgan brifingda "Hududgazta`minot" AJ boshqaruv raisi o`rinbosari Tohirjon Turdiev aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta`minlash masalasi bo`yicha ma`lumot berdi.
Unga ko`ra, so`nggi kunlarda "zangori yoqilg`i"ning kunlik iste`moli 46 milliondan 72 million kub metrga oshgan.
2020 yil 22 noyabr holatiga ko`ra, gaz quvurlarida me`yoriy bosimning pastligi sababli respublika bo`yicha jami 175 418 xonadonning tabiiy gaz bosimi me`yordan pasayishi kuzatilgan
Aytilishicha, ushbu holatni muvofiqlashtirish uchun kecha-yu kunduz ishlovchi shtablar tashkil qilingan. 236 ta tezkor avariya-ta`mirlash guruhi shay holatga keltirilgan.
Suyultirilgan gazni ishlab chiqaruvchi zavodlaridan tashib keltirish uchun maxsus 33 ta temir yo`l vagonlari sotib olindi, qo`shimcha 42 ming dona maishiy gaz ballonlari foydalanish uchun tarqatildi. 2020 yilning o`tgan davri mobaynida mamlakat aholisiga 455 ming tonna miqdorda suyultirilgan gaz bilan ta`minlandi. Bu esa mos ravishda ushbu ko`rsatkich o`tgan yilning shu davriga nisbatan 40 ming tonnaga ko`pligini ko`rsatgan.
Sovuq kunlarda iste`molchilarning ehtiyojini qondirish uchun suyultirilgan gazni ishlab chiqarish zavodlaridan kunlik etkazib berish miqdori 1400 tonnadan 2000 tonnaga oshirildi.
Ma`lum qilinishicha, o`tgan oy davomida turli xildagi mahsulot ishlab chiqaruvchilar tomonidan gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish bo`yicha 185 ta holat aniqlangan, bu esa o`z navbatida ayrim mahalla, ko`cha, tuman va shaharlarda aholini bir maromda tabiiy gaz bilan ta`minlashga o`z salbiy ta`sirini ko`rsatgan.
"ASKUG loyihasi doirasida butun mamlakat bo`ylab 515 mingdan ziyod "aqlli" hisoblagichlar o`rnatildi va bu ham xarajatlarni bir me`yorga keltirish hamda tabiiy gazdan maqsadsiz foydalanishlarni aniqlash imkonini bermoqda.
“Hudgazgazta`minot” AJ tizimidagi dispetcherlik xizmatlari tomonidan avariya-ta`mirlash guruhlarni tezkor ravishda nosozliklar yuzaga kelgan joylarga yuborilishi uchun iste`molchilardan 11-04, 71 200 08 04, 71 202 11 04 telefon raqamlari hamda "Facebook" ijtimoiy tarmog`idagi "Gaz ta`minoti muammolari va ularni hal etish yo`llari" va "Kommunalka" va boshqa jamoat guruhlari orqali qilgan murojaatlarida aniq ma`lumotlarni taqdim etishlarini so`raymiz, " deyladi rasmiylar bergan ma`lumotda.






