“International Job organization xususiy bankdlik agentligi” MChJ mansabdor shaxslari 2019-2020 yillar davomida 2620 nafar fuqarolarni Germaniya, Polsha, Daniya va Shveysariya davlatlariga ishga yuborishni va`da qilib, har biridan 45,0 mln. so`mgacha bo`lgan to`lovlarni qabul qilib, jami 18,4 mlrd. so`m pul mablag`larni o`zlashtirib yuborganliklari holati bo`yicha qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari tamomlanib, sud muhokamasiga yuborilgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Tergov davomida mazkur MChJ rahbari Sh.Abduraxmanov hamda uning 8 nafar jinoiy sheriklariga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari va boshqa moddalari bilan ayb e`lon qilingan va ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.
Sud muhokamasiga yuborilgan jinoyat ishi bo`yicha etkazilgan umumiy zararning 6 783 190 922 so`mi undirilishi ta`minlangan bo`lib, shundan 722 768 500 so`m naqd pul mablag`lari, 6 060 422 422 so`mi esa xatlangan mol-mulklardir.
Mazkur jinoyat ishi hozirda jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Shayxontoxur tuman sudiga mazmunan ko`rib chiqish uchun yuborilgan.
Shuningdek, “International Job organization xususiy bankdlik agentligi” MChJ mansabdor shaxslari tomonidan bir qator xo`jalik yurituvchi sub`ektlar orqali pul mablag`larni o`zlashtirganlik holatiga oid qismi hozirda alohida ish yurituvga ajratilgan bo`lib, mazkur jinoyat ishi doirasida 10 507 396 044 so`mlik zarar qismi qoplanishi ta`minlangan, shundan 411 000 000 so`m naqd pul va 10 096 396 044 so`mi xatlangan mol-mulklarni tashkil qiladi. Ushbu jinoyat ishi bo`yicha ham qisqa muddatlarda tergovni tamomlash va sudga yuborish choralari ko`riladi.
Xulosa o`rnida: Sudda ko`rilayotgan va dastlabki tergov davom etayotgan jinoyat ishlari bo`yicha etkazilgan 18,4 mlrd. so`m zararning 17,3 mlrd. so`mi naqd pul va mol-mulk ko`rinishida qoplanishiga erishilgan.






