“Bolam talvasaga tushib qoldi”

Salomatlik 19.01.2016, 13:44
“Bolam talvasaga tushib qoldi”

«Kenjam kindik o`qiga o`ralib tug`ilgan. Shifokorlar bolani shamollatmang, harorati ko`tarilsa, talvasaga tushib qolishi mumkin, deb ogohlantirishgandi. Ikki hafta oldin tomog`i og`rib, birdan tana harorati ko`tarildi-yu, kutilmaganda talvasaga tushib qoldi. Juda qo`rqib ketdim... Nahot bu tug`ruq asoratidan bo`lsa?»

Ma`mura, 32 yosh, Toshkent viloyati

Bolalarda asosan qisqa talvasa kuzatilib, odatda talvasasiz yoki kamroq talvasali ko`rinishlarda o`tadi. Bolalarda talvasa xurujini keltirib chiqaruvchi omillar:

  • Xomiladorlikning og`ir o`tganligi (kechki toksikoz, kamqonlik, onaning infeksion kasalliklar bilan og`rishi, qo`g`anoq suvining ifloslanishi);
  • Tug`ruqning qiyin kechgani (xomila tug`ruq yo`llarida turib qolishi, bolada kislorod etishmasligi yuz bergan bo`lsa);
  • Go`dakda kalla ichki bosimining ortishi (cherepnoy);
  • Bolaning infeksion kasalliklar bilan xastalanishi;
  • Markaziy asab tizimining me`yorida rivojlanmagani;
  • Gemolitik xastalik asoratida kelib chiquvchi talvasa xuruji;
  • Asfiksiya bilan tug`ilish asoratida yuzaga keladigan xurujlar uchrab turadi.

Gohida talvasa xurujlari 2-3 yoshdan oshgan bolalarda ham kuzatiladi. Bunda asosan biron kasallik asoratida tana haroratining ortishi yoki organizmdagi boshqa o`zgarishlar sabab bo`lishi mumkin. Shuningdek, bola ruhiyatidagi keskin yoki kuchli ruhiy muvozanat buzilishi yoki asab qo`zg`alishlari ham talvasani keltirib chiqarishi taxmin qilinadi.

Xuruj to`satdan boshlanadimi?

Aksariyat ota-onalar talvasa xuruji bilan to`qnash kelishganida nazoratni yo`qotib qo`yishadi. Chunki bu vaqtda bolaning umumiy holatida ro`y berayotgan hodisalar tasavvurimizdan anchayin yiroq. Xo`sh, talvasa boshlanayotganini qanday bilish mumkin? Avvalo bolaning umumiy holatiga diqqat qiling. Ayrim hollarda huruj kutilmaganda yuz bersa, gohida ba`zi belgilar bilan darak  beradi. Masalan, aksariyat hollarda bolaning qo`l-oyoq mushaklari taranglashib, harakatsiz ko`rinishga keladi. Bunda qo`l va oyoq barmoqlari juda qattiq bukilgan holatga kelib qolishi ham mumkin. Boshini orqaga tashlaydi, ko`z soqqasi kattalashadi. Tishlari zichlashib, lablari qattiq siqiladi. Xuruj avj olganida esa og`izdan ko`pik ajralishi hamda bola hushini yo`qotishi ham mumkin. Xuruj vaqti nafas olish maromi buzilgani bois lab rangi ko`kimtir tusga kiradi. Bundan tashqari talvasaga uchragan bola peshob ajralishini ham nazorat qilolmaydi. Kutilmaganda boshlangan xurujlar odatda 45-60 soniya davom etadi. Ammo bolaning o`ziga kelib, umumiy ahvoli o`nglanishi uchun 15-20 daqiqa yoki undan ko`proq vaqt talab etilishi mumkin.

Odatda talvasani o`tkazgan bolakay holsiz, lanj, injiq bo`lib qoladi. Yotoqlaydi, diqqatni jamlashi qiyinlashadi, nima ro`y berganini eslolmasligi ham mumkin. Bu xurujdan keyingi me`yoriy holatdir.

Tashxis qo`yish uchun   

Talvasa xuruji qaytalanmasligi uchun avvalo uning xarakteri, kunning qaysi qismida ro`y bergani, takrorlanish maromi, holati, darajasi kabi omillar o`rganiladi. Buning uchun esa ota-onalardan surishtiruv o`tkazilib, shunga ko`ra dastlabki tashxis xulosasi tayyorlanadi. Bolaning yoshidan kelib chiqib, EEG (elektr ensefolografiya tekshiruvi), go`dak yoshdagi bolalarda neyrosonografiya, 1 yoshdan oshgan, katta liqildog`i yopilgan bo`lsa, magnit rezonans tomografiya tahlillari o`tkaziladi. Shu bilan birga qon tahlili ham bajarilib, mineral moddalar tahlili, ayniqsa, kalsiy va magniy miqdori aniqlanadi.

Davolash mumkin va shart 

Talvasa xurujidan so`ng zarur tekshiruvlar o`tkazilgach, shifokor tomonidan individual tartibda muolaja turi belgilanadi. Bunda bolaning yoshi, mavjud kasalliklar, tug`ma rivojlanish nuqsonlarining bor-yo`qligi, xuruj turi va darajasi kabi omillar nazarga olinib, zarur preparatlar buyuriladi. Asosan talvasaga qarshi preparatlar tavsiya etilib, bola shifokor nazoratida 2 yildan 5 yilgacha bo`lishi mumkin. Agar talvasa xuruji tana haroratining ko`tarilishi bilan kechgan bo`lsa, tahlil xulosasidan so`ng zarur dori vositasi tayinlanishi mumkin. Tutqanoq xurujini keltirib chiqaruvchi epilepsiya kasalligi aniqlansa, undan ham xuruj turiga ko`ra preparatlar buyurilishi mumkin.

Birinchi yordam 

Eng avvalo ota-onalar tahlikaga tushib qolmasliklari lozim. Tutqanoq xuruji boshlanganini payqashingiz bilan bolani ochiq havo olib chiqishga harakat qiling. Buning imkoni bo`lmasa, xonani shamollating. Xuruj vaqti og`iz so`lagi nafas yo`llariga ketib qolmasligi uchun bolani yonboshiga yotqazing. Badanini siqib turgan kiyimlardan bo`shating. Imkon qadar erkin nafas olishi uchun zamin hozirlang. Shundan so`ng xuruj o`tib ketishini kuzatish qoladi, xolos. Bolaning og`zini ushlab turish, tili  ichiga  ketib qolmasin deb, qoshiq yoki barmoq tiqish mumkin emas. Bu bilan bolaga ozor etkazganingiz qoladi. Biroz sabr qilib, vahima qilmasangiz xuruj o`tib ketadi. So`ng shifokor ko`rigiga olib borishingiz mumkin.

Ikkinchi toifali shifokor, bolalar nevrapatologi Gulnoza Toirova tavsiyalari asosida tayyorlandi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1