Toshkent viloyati Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi tomonidan iste`molchilar huquqlarini pisand qilmagan mas`ullarga ma`muriy bayonnomalar ochilib, sudga oshirilmoqda. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Olmaliq shahridagi 279-sonli elektr transformatorga ulangan iste`molchilarni o`rnatilgan tartibda ogohlantirmasdan elektr ta`minotidan uzilishlar amalga oshirilgani bo`yicha “Olmaliq shahar elektr ta`minoti” korxonasi rahbari Urazaliev Anvarjon Haydaralievichga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 178-moddasiga asosan 16.11.2020 yil kuni ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, Olmaliq shahar ma`muriy sudiga ish yurituvdagi hujjatlar yuborildi.
Shuningdek, joriy yilning 19-20 oktyabr kunlari “facebook” ijtimoiy tarmog`ida iste`molchilarning o`rtasida keng muhokamaga sabab bo`lgan mavzu ya`ni, Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi aholi iste`molchilari elektr energiyasidagi mavjud qarzdorlik uchun uzib qo`yilganligi, hamda abonentlar tomonidan tegishli to`lovlar amalga oshirilib, korxonaga tarmoqqa qayta ulash bo`yicha berilgan buyurtma (ariza)lar mavjud bo`lishiga qaramay, iste`molchilarni elektr tarmog`iga qayta ulash ishlari kechikayotganligi bildirilgan.
Yuqoridagi holat yuzasidan “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJga nisbatan “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunning 19-moddasi birinchi qismi talablari buzilganligi sababli 2020 yil 29 oktyabrda 11/02-I-sonli ko`rsatma berildi.
“Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJ korxonasi tomonidan ko`rsatmaning ijrosini ta`minlash to`g`risidagi 517-sonli buyruq qabul qilingan bo`lib, unga asosan ko`rsatilgan qonun buzilish holatlari shahar va tuman elektr ta`minoti korxonalari rahbar hodimlari bilan atroflicha o`rganib chiqilib, barcha rahbar xodimlar kelgusida qonun buzilish holatlariga yo`l qo`ymaslik to`g`risida ogohlantirilgan.
Shunga qaramasdan, 20 noyabr kuni Toshkent tumanidagi qariyb 17 ming elektr energiya iste`molchisi tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun to`lovlar bo`yicha yuzaga kelgan qarzdorlik sababli, amaldagi tartib bo`yicha ASKUE tizimi avtomatik ravishda qarzdor iste`molchilarning ta`minotini to`xtatgan. O`z navbatida, yuqoridaga holat joyiga chiqib o`rganilganda iste`molchilar tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun qarzdorlik to`langandan keyin ham avtomatik ravishda elektr tarmog`iga qayta ulanmagan holatlar aniqlandi.
Ushbu holat joriy yilning 21,22 noyabr kunlari Qibray hamda Zangiota tumanlarida ham aniqlandi. Hozirgi kunda hududiy boshqarmaning 29.10.2020 yildagi 11/02-I-sonli ko`rsatmasini bajarmaganligi sababli, Toshkent, Zangiota, Qibray tumani elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlariga nisbatan ma`muriy hujjatlarni rasmiylashtirib, tegishli tartibda ko`rib chiqish uchun ma`muriy sudga yuborish choralari ko`rilmoqda.






