Xalq ta`limi vazirligiga ijtimoiy tarmoqlardan kelib tushgan murojaatlarda Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi maktablarning er maydonlari tadbirkorlik sub`ektlariga berib yuborilayotganligi ma`lum qilingan edi. Bu haqda vazirlik xabar berdi.
Xalq ta`limi vazirligi tomonidan maktab erlarini asossiz o`zlashtirilishini oldini olish maqsadida, maktab er maydonlarini ta`lim muassasalari tasarrufiga qaytarilishi bo`yicha Andijon viloyati prokuraturasiga murojaat bilan chiqdi.
Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur holatlar o`rganilib, Baliqchi tuman hokimligining qarori bilan tumandagi 10, 39 va 50-son umumiy o`rta ta`lim maktablari hududidagi jami 73,4 sotix er maydonlari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "Xalq ta`lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora tadbirlari to`g`risida”gi Qaroriga zid ravishda O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri bilan kelishuv amalga oshirilmasdan to`g`ridan-to`g`ri tuman zaxirasiga olinganligi aniqlangan.
Ushbu holat bo`yicha Baliqchi tuman prokuraturasi tomonidan tuman hokimining qaroriga protest keltirish yo`li bilan bekor qilinishi ta`minlangan.
Ma`lumot o`rnida, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Qarorlariga asosan umumta`lim va maktabdan tashqari muassasalarning er uchastkalari va ko`chmas mulkini O`zbekiston Respublikasi xalq ta`limi vaziri bilan kelishmasdan turib begonalashtirish, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ta`lim tashkilotlari va muassasalarning bino-inshootlari va er uchastkalarini ta`lim sohasidan boshqa maqsadlarda yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi qat`iyan taqiqlangan.






