16 yanvardan boshlab tomoshabinlar e`tiboriga havola etila boshlagan “Baron” filmidagi asosiy rollardan birini o`ynagan aktyor Farhod Mahmudov mazkur kartinadan so`ng ko`pchilik o`zbek tomoshabinlarining sevimli aktyoriga aylandi, desak mubolag`a bo`lmaydi.
Filmdagi Farhod ijrosidagi obraz shu darajada ishonchli va ta`sirli chiqqanki, unda soxtalikni ko`rmaysiz. Ko`z qarashlari, mimikasi va gap-so`zlari bilan bizni maftun etgan aktyor haqida kengroq ma`lumot berishga qaror qildik. Xo`sh, asli o`zbekistonlik Farhod Mahmudov hayotda qanday inson?
U haqda qisqacha...
Farhod Maxmudov 1972 yil 9 may kuni Toshkent shahrida tug`ilgan. Bo`lajak aktyor o`n etti yoshigacha O`zbekistonda yashagan. U maktabda o`qib yurgan kezlaridayoq filmlarda suratga tusha boshlagan. Farhodning kinodagi debyuti “Bo`rilar” filmidagi roli bo`lgan.
Maktabni tamomlaganidan so`ng Farhod Moskvaga ketadi. U o`shandayoq bir nechta filmlarda suratga tushishga ulgurgan edi. Valeriy Axadovning “Nazar”, Melis Abzalovning “ Sharq mug`ombiri” musiqali komediyasi shular jumlasidandir.
Farhod Maxmudov 1993 yilda Butun Rossiya davlat kinematografiya universitetini tamomlagan. 1993-1994-yillarda Moskva drama teatrida, 1994-yildan Roman Viktyuk teatri aktyori bo`lib faoliyat yuritmoqda.
Farhod Maxmudov “Brigada” serialida, “Siznikiga farishta keldi”, “Zastava” , “Sutli viski” kabi filmlarda esda qolarli rollarni ijro etgan.
“Osudalikni yoqtiraman”
— Rostini aytsam, men hayotda o`ta zerikarli insonman. Yoshligimda spektakl tugashi bilanoq diskoteka yoki restoranlarga ketaverardim. Hozir esa suratga olish ishlari yakunlangandan so`ng mehmonxonaga shoshilaman, yolg`iz qolib, kitob o`qishni, kino ko`rishni yoki oilam bilan “skayp” orqali gaplashishni yoqtiraman.
Ko`chada ketayotganimda meni tanib, dastxat olish uchun kelgan muxlislarimga hech qachon e`tiroz bildirmayman. Ular bilan birga suratga tushaman, dastxat beraman. Biz-aktyorlar tomoshabin uchun mehnat qilamiz, axir! Buni unutmaslik kerak.
“Ota bo`lganimda hayajonlanganman”
— Menga o`g`lim Iskandarni 23 fevral kuni tug`ilishini aytishgandi. Ammo 7 mart kelsa hamki, u tug`ilay demasdi. Rosa kutganmiz. Oxiri tug`ruqxonaga borib, xotinimga “8-mart kuni tug`sang, uyga kelib o`tirma!” deganman. O`g`lim 10 mart kuni tug`ildi. Uni ko`rib hayajonlanganimdan kutganlarim ham esimdan chiqib ketgan.
“Barcha milliy taomlarni tayyorlashni bilaman”
— Meni tez-tez oshxonada uchratish mumkin. Odatda osh yoki sho`rva qilaman. Umuman olganda, barcha milliy taomlarni tayyorlashni bilaman. Uydan tashqarida esa hech nima pishirmayman. S`yomka maydonchalarida nima berishsa, shuni eb ketaveraman. Turmush o`rtog`im karam sho`rvani yaxshi tayyorlaydi.
“Onam tez-tez mendan xafa bo`ladi”
— Onam qarindoshlar unga qo`ng`iroq qilib, meni televizorda ko`rsatishayotganini aytishsa, darrov menga qo`ng`iroq qilib “Nega aytmading? Meni esingdan chiqarib qo`ydingmi?” deb xafa bo`ladi. Aytgancha, 1 yanvar onamning tug`ilgan kuni. Har yili yangi yil onamning tug`ilgan kuniga ulanib ketadi.