So`nggi vaqtlarda fuqarolar ishtirokida ijtimoiy tarmoqlar orqali firibgarlik jinoyatlari sodir etilish holatlari tez-tez uchrab turibdi. Viloyat IIB TBga “Navoiy Avto Savdo” MChJ o`zining Telegram guruhi orqali aksiya o`tkazib, pullik yutuqlarni o`z egalariga o`tkazib berish vajidan plastik kartalardagi pullarni asossiz echib olganligini aytib bir necha fuqarolar shikoyat arizalari bilan murojaat qilishgan. Bu haqda Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Kelib tushgan murojaatlarni o`rganish asnosida viloyat IIB TB tezkor xodimlari tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, surishtiruv ishlari olib borilgan. Ayon bo`lishicha Tergov hujjatlarida ismi sharifi keltirilgan 25 yoshli fuqaro H.Sh Telegram ijtimoiy tarmog`ida Avtomobil savdosi bilan shug`ullanuvchi kompaniyalarning nomidan foydalanib avtomashina sotib olmoqchi bo`lgan 20 dan ortiq fuqarolarni chuv tushirgan.
Qariyb 20 mlnga yaqin mablag`larni o`z ehtiyoji yo`lida sarflab yuborgan uddaburon dastlab, o`zini "Navoiy Avto Savdo" MChJning xodimi deb tanishtirib, Telegram guruhidagi mavjud foydalanuvchilarga sms xabarnomalari jo`natish orqali fuqarolarning ishonchiga kirib, kompaniya tomonidan aksiya bo`layotganligini, unda g`olib bo`lganlarga 300.000 so`mdan 1.700.000 so`mgacha bo`lgan pul yutuqlari faqatgina plastik kartalarga o`tkazib berilishini aytadi. Mijozlarga tegishli bo`lgan plastik karta ma`lumotlarini va sir saqlanishi kerak bo`lgan mahfiy kodlarni qo`lga kiritgach katta miqdordagi pul mablag`larini echib oladi.
Tezkor surishtiruvlarda ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs asli Qiziltepa tumanida yashovchi fuqaro H.Sh bo`lib, Buxoro viloyati hududida ekanligi aniqlandi va Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan gumonlanuvchi sifatida qo`lga olindi. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar, Zarafshon shahri hamda Buxoro viloyati IIB TB tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda va unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyoj chorasi ko`rilgan.
Fuqarolarimizdan bu kabi holatlarga tushib qolmasliklari uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotganda ehtiyot bo`lishlarini, plastik karta va sir saqlanishi lozim bo`lgan shaxsiy ma`lumotlarni hech kimga bermasliklarini so`rab qolamiz.






