AsosiyJamiyat

"Dehqonobod kaliy zavodi qurilishida qatnashgan 205 nafar ishchining pulini Rossiya kompaniyasi bermay ketgan". 7 yildan beri maoshini ololmayotgan ishchilar masalasiga izoh berildi

'"Dehqonobod kaliy zavodi qurilishida qatnashgan 205 nafar ishchining pulini Rossiya kompaniyasi bermay ketgan". 7 yildan beri maoshini ololmayotgan ishchilar masalasiga izoh berildi'ning rasmi

OAVda “Dehqonobod kaliy zavodi qurilishida qatnashgan yuzlab ishchilar etti yildan beri maoshini ololmayapti. Aksincha, ularni “formalilar” qo`rqityapti” sarlavhali xabar berilgan edi. 

“O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ faoliyatiga daxldor mazkur masala yuzasidan munosabat bildirdi.

"O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 17 noyabrdagi “Dehqonobod kaliy o`g`itlar zavodi ishlab chiqarish quvvatini oshirish (II bosqich)” investision loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-1642-sonli qarori asosida “Dehqonobod kaliyli o`g`itlar zavodi” UK bilan Rossiya Federasiyasining “ZUMK-Injiniring” MChJ o`rtasida shartnoma imzolangan. Tuzilgan shartnomada “ZUMK-Injiniring” MChJ “Tog`-kon majmua”si, “Osma yuk tashish kanat yo`li” va VL-110 kVa energiya ta`minoti inshootlarini “kaliti bilan topshirish” (“pod klyuch”) ko`zda tutilgan.

“ZUMK-Injiniring” MChJ loyihani amalga oshirish jarayonida Rossiya hamda O`zbekistondan mutaxassis va ishchilarni shartnoma asosida ishga qabul qilgan.

Ijtimoiy tarmoqda “Dehqonobod kaliy zavodi qurilishida qatnashgan yuzlab ishchilar 7 yildan buyon maoshini ololmayapdi” rukni bilan e`lon qilingan maqola bo`yicha ta`kidlash lozimki, mahalliy fuqarolardan qarzdorlik “Dehqonobod kaliy zavodi” AJdan emas, balki o`sha vaqtda pudratchi tashkilot bo`lgan Rossiyaning “ZUMK-Injiniring” kompaniyasi va fuqarolar o`rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi bo`yicha yuzaga kelgan. 

Shu bilan birga, “Dehqonobod kaliy zavodi” qurilishi Direksiyasi pudratchi “ZUMK-Injiniring” kompaniyasiga bajarilgan ishlar bo`yicha to`lovlarni to`liq amalga oshirib borgan. Lekin “ZUMK-Injiniring” kompaniyasi bu to`lovlardan yollangan ishchilarning oylik maoshlarini to`liq to`lab bermagan.

Bundan tashqari, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ “O`zkimyosanoat” AJ bilan birgalikda “ZUMK-Injiniring” kompaniyasining sobiq ishchilarining to`lanmasdan qolgan oylik maoshlarini o`z egalariga qaytarish bo`yicha 2014 yildan buyon muntazam ravishda barcha yuridik va tashkiliy choralarni ko`rib kelmoqda. Buning uchun “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ o`z mablag`lari hisobidan xalqaro darajaga ega bo`lgan “White & Case” (AQSh) yuridik kompaniyasini jalb qildi.

Ayni paytda “White & Case” kompaniyasi bilan biraglikda Rossiya Federasiyasining turli miqyosidagi sudlarida jami 205 nafar – sudning undiruv qarorlari mavjud bo`lgan O`zbekiston fuqarolarining “ZUMK-Injiniring” kompaniyasidan ish haqini undirish masalasi ko`rib chiqilmoqda. Ish haqi undirish masalasi bo`yicha bir nechta sud jarayonlari o`tkazilib, sud ishlari hali ham davom ettirilmoqda. 
2018 yil 25 iyun kuni Rossiya Federasiyasining Perm viloyati Arbitraj sudining ajrimiga ko`ra, “ZUMK-Injiniring” kompaniyasi bankrot bo`lganligi munosabati bilan hozirgi paytda konkurs boshqaruv asosida tugatish ishlari olib borilayotgan bo`lib, kompaniyaga tegishli mol-mulklar o`rnatilgan tartibda baholanib, sotuvga qo`yilishi lozim va sotuvdan tushgan mablag`lar “ZUMK-Injiniring”ning mavjud barcha qarzdorliklarini ketma- ketlik so`ndirishga yo`naltirishi belgilangan.

Ishchi xodimlarning qarzdorligini undirish yo`nalishi bo`yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida 2018 yilning iyun oyida “ZUMK-Injiniring” kompaniyasidan 561 319 335 so`m undirilib, shu summaning 380 367 052 so`m soliq qarzdorligi uchun Dehqonobod tuman DSI foydasiga va 173 276 680 so`mi esa ishchi xodimlarning har biriga teng taqsimlangan holda ish haqi va moddiy zararlarning 10 foizi miqdorida to`lab berilgan.

Shu kunga qadar, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ tomonidan “White & Case” xalqaro yuridik kompaniyasi bilan birgalikda ishchi hodimlarning ish haqini undirish yo`nalishi bo`yicha 14 ta sud jarayonlarida ishtirok etilib, ishchi hodimlarning manfaatlari himoya qilindi.

Rossiya Federasiyasidagi sud jarayonlari nihoyasiga etishi natijasida va “ZUMK-Injiniring” kompaniyasiga tegishli mol-mulklarining sotuvidan tushgan mablag`lar kreditorlar reestri asosida qarzdorliklar so`ndirilishi belgilangan va o`rnatilgan tartibda kreditorlarning reestr va joriy talablari asosida amalga oshirilishi ko`zda tutilgan.

Ayni kunlarda ko`rsatib o`tilgan 3 ta fuqaroning joriy talablari jami 90 717.92 rubl yoki 12400232.48 so`m miqdorida qo`shimcha foizlari bilan to`liq undirilishi ta`minlandi.
Rossiya Federasiyasi qonunchiligida belgilanganligi bo`yicha, birinchi navbatda joriy talablar va keyn reestr talablari to`lab berilishi ko`zda tutilgan. Bizning fuqarolarimizning 3 tasi joriy talablar sifatida, qolgan 202 tasi reestr talablari sifatida ruyxatga olingan.

Bugungi kunda konkurs boshqaruvchisi “ZUMK-Injiniring” kompaniyasini mol-mulklarini sotishni davom ettirmoqda va sotuvdan tushgan mablag`larni kreditor qarzdorlarga qo`shimcha foizlari bilan tasdiqlangan navbat asosida to`lanishini amalga oshirmoqda.

Shu bilan birga oldin “ZUMK-Injiniring” MChJda ishlagan ishchi hodimlarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida ulardan 55 nafari “Dehqonobod kaliy zavodi” AJga ishga olingan", deyiladi “O`zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati xabarida.

    Boshqa yangiliklar