AsosiyJamiyat

1 dekabrdan nimalar o`zgaradi?

'1 dekabrdan nimalar o`zgaradi?'ning rasmi

Adliya vazirligi Matbuot xizmati 2020 yil 1 dekabrdan O`zbekiston qonunchiligida kuchga kirayotgan yangi tartiblar haqida ma`lum qildi. 

Ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo`yicha sudlar vakolatiga o`tkaziladi.

Prezident farmoniga asosan, 2020 yil 1 dekabrdan boshlab ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo`yicha sudlar vakolatiga o`tkaziladi.

Shuningdek, huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs tomonidan MJTKning tegishli moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan jarimani sud va vakolatli idoralarda ish ko`rilgunga qadar ixtiyoriy to`lashni rag`batlantirish tizimi joriy etiladi.

Davlat tibbiy sug`urta jamg`armasi tashkil etiladi.

Prezident qaroriga binoan Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida davlat tibbiy sug`urta tizimini yo`lga qo`yish belgilandi. Ushbu tizim doirasida Davlat tibbiy sug`urta jamg`armasi tashkil etiladi.

Quyidagilar Jamg`armaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • davlat tibbiy sug`urtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta`minlash;
  • aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta`minlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etish;
  • tajriba-sinov loyihasi doirasida Davlat byudjetidan kafolatlangan paketni moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan mablag`larni jamlash, boshqarish, ularning maqsadli va samarali sarflanishini tashkil etish;
  • tajriba-sinov loyihasining natijalariga ko`ra, davlat tibbiy sug`urtasi tizimini respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish bo`yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.

O`zbekistonning Afg`onistondagi elchixonasida savdo va iqtisodiy masalalar bo`yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi.

«Afg`oniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to`g`risida»gi prezident qaroriga muvofiq O`zbekiston Respublikasining Afg`oniston Islom Respublikasidagi elchixonasi shtatlar jadvaliga mehnatga haq to`lash fondiga tegishli o`zgartirishlar kiritgan holda savdo va iqtisodiy masalalar bo`yicha maslahatchi lavozimi kiritiladi.

Jismoniy tarbiya va sport universiteti tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda uyushmalar ustidan o`quv va ilmiy-uslubiy rahbarlik yo`lga qo`yiladi.

O`zbekiston Respublikasi prezidentining «Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga asosan O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti respublikadagi barcha jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda sport federasiyalari (uyushmalari) faoliyati ustidan o`quv va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`simliklar karantini davlat inspeksiyasi xizmat itlari bilan ta`minlanadi.

«O`simliklar karantini bo`yicha davlat xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi prezident qaroriga ko`ra, Davlat bojxona qo`mitasi hamda Ichki ishlar vazirligi Inspeksiya ehtiyojlaridan kelib chiqib, yiliga 5 tadan o`simliklar karantini sohasidagi o`ziga xos «detektor»lar – xizmat itlari hamda 5 nafardan kinologlar tayyorlab berilishini ta`minlaydi.

Umumta`lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi.

Umumta`lim fanlarini bilish darajasini baholash bo`yicha test sinovlarini o`tkazish va sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:

  • 2020 yil 1 dekabrda ona tili va adabiyot (o`zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo`yicha;
  • 2021 yil 1 fevralda kimyo va biologiya fanlari bo`yicha;
  • 2022 — 2024 yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari bo`yicha.

Ma`lumot uchun, hukumat qarorida 2021/2022 o`quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta`lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to`g`risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo`lgan abiturientga sertifikatdagi o`zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta`lim muassasasi bakalavriatiga o`qishga qabul qilish bo`yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi joriy etilishi belgilangan.

Atrof muhitga salbiy ta`sir ko`rsatadigan, mo`ljallanayotgan va rejalashtirilayotgan ayrim faoliyat turlari bo`yicha jamoatchilik eshituvlari o`tkaziladi

Qarorga muvofiq, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda atrof muhitga salbiy ta`sir ko`rsatadigan I va II toifalarga mansub bo`lgan mo`ljallanayotgan va rejalashtirilayotgan faoliyat turlari bo`yicha jamoatchilik eshituvlari o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar