AsosiyJamiyat

Kamchiliklarimizni tan olamiz va xalqimizdan uzr so`raymiz — “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari

'Kamchiliklarimizni tan olamiz va xalqimizdan uzr so`raymiz — “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari'ning rasmi

Ulug`bek MUSTAFOEV, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi ta`minotdagi uzilishlar haqida to`xtalib o`tdi.

"Muammolarni o`z vaqtida bartaraf etishga harakat qilayapmiz. Keyingi yillarda 7 million 400 ming dona zamonaviy hisoblagich aholi xonadonlariga bepul o`rnatib berildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog`ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida ASKUE tizimi talablariga mos keluvchi hisoblagichlar o`rnatishdan maqsad ham xalqimiz manfaatini himoya qilish va ularga qulay sharoit yaratishdir.

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati elektr energiyani iste`molchilarga taqsimlovchi va sotuvchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarini boshqaradi. 2020 yil 1 oktyabr holatiga, jamiyat tasarrufidagi 14 ta hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hamda 230 ta tuman va shahar elektr ta`minoti korxonasi tomonidan 35-110 kV kuchlanishga ega 1 ming 623 ta nimstansiya, 82 ming 591 ta transformator punkti va 252,2 ming kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari orqali iste`molchilarga elektr energiyasi etkazib berilmoqda.

O`z-o`zidan shunday savol tug`iladi: nima uchun ASKUE tizimini joriy etish kerak? Javob shuki, ta`minotchi va iste`molchi o`rtasida haqqoniy munosabat o`rnatiladi. Bu erda tanish-bilish bo`lmaydi, to`lov o`z vaqtida bajariladi.

Noyabr oyining oxirgi o`n kunida tashkilotimizga 50 mingdan ortiq telefon orqali murojaat bo`ldi. 25 ming nafardan iborat jamoamiz kechayu kunduz mavjud muammolarni bartaraf etish bilan band. Pandemiya sharoiti – apreldan avgust oyigacha iste`molchilarni uzluksiz elektr energiya bilan ta`minladik. Ular orasida qancha qarzdorlar bor. Uch yildan buyon qarzini to`lamagan fuqarolarimiz nima der ekan? Qars ikki qo`ldan chiqadi, degan purma`no maqolimizni ham unutmaylik. Qo`lingizdagi telefonning puli tugasa, darrov to`lovni amalga oshirasizu, elektr energiyaga kelsa, yillar o`tsa hamki, befarq bo`laverasizmi?!

To`g`ri, kamchiliklar uchun hurmatli iste`molchilarimiz va xalqimizdan uzr so`raymiz. Kamchiliklarimizni tan olamiz va ularni bartaraf etish uchun sohada modernizasiya ishlarini olib boryapmiz.

Bugungi kun holatiga respublika bo`yicha jami 4 million 765 ming 255 nafar yoki 64 foiz iste`molchilarga ASKUE tizimi talablariga mos keluvchi hisoblagichlar o`rnatildi. Ushbu hisoblagich o`rnatilgan iste`molchilarning qariyb 2,5 million nafari yoki 51 foizi billing tizimiga ulandi.

Elektr energiyasi iste`molchilariga ASKUE tizimini joriy etishdan asosiy maqsad, iste`molchi va ta`minotchi o`rtasidagi shaffoflikni ta`minlash, etkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarga aniqlik kiritish, to`lov intizomini mustahkamlash, elektr energiyasini taqsimlashda har bir iste`molchi va transformator punkti kesimida kerakli ma`lumotlarni olish va tahlil qilib borishdir. Ushbu olingan ma`lumotlar asosida modernizasiya ishlarini amalga oshirib borish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, ushbu tizim orqali iste`molchilarning hisoblagichlariga tashqaridan aralashuvlar, noqonuniy foydalanish holatlarining oldi olinishiga erishiladi. Amalga oshirilgan tahlillarimiz shuni ko`rsatmoqdaki, aksariyat iste`molchilarimiz oxirgi o`chirish chorasini ko`rilmaguniga qadar foydalangan elektr energiyasi uchun to`lovlarni amalga oshirmaydi. Masalan, foydalangan elektr energiyasi uchun bir yildan ortiq davr mobaynida to`lovlarni amalga oshirmagan iste`molchilar soni 903 305 nafarni tashkil etib, shundan qarzdorligi mavjudlari 573 655 nafar. Uch yildan ortiq davr mobaynida to`lov amalga oshirmagan iste`molchilar soni 361 185 nafarni, shundan qarzdorlari 283 489 nafarni tashkil etmoqda.

Uch yildan buyon umuman to`lovlarni amalga oshirmagan qarzdor iste`molchilar Samarqand viloyatida 46 158, Toshkent viloyatida 45 685, Farg`ona viloyatida 28 770 va Andijon viloyatida 26 867 nafarni tashkil etayotganligini ta`kidlashimiz lozim.

Shu bilan birga, iste`molchilarning qarzdorliklari bo`yicha o`tkazilgan tahlillarga ko`ra, bugungi kun holatiga qarzdorligi yuqori bo`lgan ya`ni 1 million so`mdan 3 million so`mgacha bo`lgan qarzdor aholi iste`molchilari soni 157 839, 3 million so`mdan 5 million so`mgacha 14 890 va 10 million so`mdan yuqorisi 5 199 nafardir.

Ko`p holatlarda qarzdorligi mavjud iste`molchilar tarmoqdan ajratilganda ular tomonidan o`zboshimchalik bilan qayta ulanib olish holatlari mavjud edi. ASKUE tizimi aynan shu muammolarning echimidir.

Shuni alohida ta`kidlashni istaymizki, biz elektr energiyaning uzilishidan emas, aksincha, uning sotilishidan manfaatdormiz. Qarzdorliklarning yuqori miqdorlarda saqlanib qolinishi esa sohaga salbiy ta`sir qiladi" deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari

 

    Boshqa yangiliklar