AOKAdagi matbuot anjumanida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi boshlig`i Muhammadzokir Mamatxonovning ma`lum qilishicha, «Xususiy bandlik agentliklari to`g`risida»gi qonunga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida»gi Qonun qabul qilingan.
Natijada joriy yilning 14 noyabridan xususiy bandlik agentliklari faoliyatida quyidagi jiddiy o`zgarishlar joriy etildi:
- endilikda O`zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslardan xorijda ishga joylashtirish bo`yicha xizmatlar uchun haq olish taqiqlandi. Bu xizmatlar uchun haq xorijiy ish beruvchi tomonidan to`lab beriladi;
- har bir xizmat ko`rsatish shartnomasini xususiy bandlik agentliklari «labormigration.uz» dasturiy majmuasida ro`yxatdan o`tishi talab etiladi;
- fuqarolarni ishga joylashtirish sohasida ko`rsatiladigan axborot va maslahat xizmatlarining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan oshmasligi belgilab qo`yildi.
Aytilishicha, Qonunning kuchga kirishi munosabati bilan bugungi kunda bir qator xususiy bandlik agentliklari lisenziyasini bekor qilish bo`yicha murojaat qilishmoqda ekan.






