AsosiyJamiyat

"Pandemiya hammamizning ko`zimizni ochdi". Prezident samarasi yuqori bo`lgan dori vositalarini ishlab chiqarishni buyurdi

'"Pandemiya hammamizning ko`zimizni ochdi". Prezident samarasi yuqori bo`lgan dori vositalarini ishlab chiqarishni buyurdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev elektrotexnika va farmasevtika sohalarida investisiya loyihalarini jadallashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari yuzasidan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Yig`ilishda farmasevtika tarmog`idagi loyihalar ijrosi ham muhokama etildi.

Joriy yilga rejalashtirilgan 100 million dollarlik 37 ta investisiya loyihasidan bugungi kungacha faqat bittasi foydalanishga topshirilgani keskin tanqid qilindi.

Kelgusi yilda 149 million dollarlik 37 ta loyiha bo`yicha amaliy ishlarni hozirdan boshlash zarurligi ko`rsatib o`tildi.

Sohadagi yana bir kamchilik – oxirgi yillarda tashkil etilgan 16 ta yirik korxonaning 8 tasi to`liq quvvatda ishlamayapti. Mutasaddilarga ularni birma-bir tahlil qilib, to`liq quvvatga chiqishiga ko`maklashish topshirildi.

Mahalliy korxonalarda 3 mingdan ortiq nomdagi dori-darmon ishlab chiqarilsa-da, ular asosan murakkab bo`lmagan jenerik vositalardan iborat.

– Pandemiya hammamizning ko`zimizni ochdi, farmasevtika nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik jihatidan ham strategik tarmoq ekanini ko`rsatdi. Birinchi bo`lib farmzonalar tashkil etganimiz bejiz emas. Biz juda ko`p narsaga dunyoqarashimizni o`zgartirishimiz kerak, – dedi Prezident.

Shu bois xavfsizlik va samaradorlik darajasi yuqori bo`lgan dori vositalarini ishlab chiqarishga o`tish kerakligi ta`kidlandi.  

Misol uchun, kelgusi yilda Namanganda parenteral, Samarqandda gormonal va Toshkent viloyatida qon preparatlarini ishlab chiqarishga imkoniyat mavjud.

Dorivor o`simliklarni plantansiya usulida etishtirish va sanoat qayta ishlashni yo`lga qo`yish natijasida eksport hajmi joriy yilning o`tgan 10 oyida 40 million dollarni tashkil etdi. Hududlarda dorivor o`simliklarni qayta ishlash bo`yicha qiymati 42 million dollar bo`lgan 14 ta klaster tashkil etildi.

Joriy yilda dorivor o`simliklar plantasiyalari 16 ming gektarga, xomashyo tayyorlash hajmi 22 ming tonnaga etkazilmoqda. Lekin bu etarli emas.

Shu bois kelgusi yilda mahsulot etishtirish, qayta ishlash va eksport hajmini kamida 2 baravarga oshirish maqsad qilib qo`yildi.

Qandli diabet kasalligida shakar o`rnini bosuvchi steviya o`simligini etishtirish, baxmalgul, na`matak, topinambur, ola-o`t, za`faron kabi eksportbop dorivorlarni sanoatlashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

207 ta korxonadan 157 tasida xalqaro standartlar joriy qilinmagani qayd etilib, bu boradagi ishlarni kengaytirish muhimligi ta`kidlandi. Kelgusi yilda farmavsevtika mahsulotlari eksportini 55 million dollarga olib chiqish vazifasi belgilandi.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hududlar rahbarlari axborot berdi.

    Boshqa yangiliklar