“Dorivor o`simliklarni etishtirish va qayta ishlash, ularning urug`chiligini yo`lga qo`yishni rivojlantirish bo`yicha ilmiy tadqiqotlar ko`lamini kengaytirishga oid chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–4901-son, 26.11.2020 y.) qabul qilindi. Bu haqda huquqiy axborot xizmati xabar berdi.Qarorga ko`ra, O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Dorivor o`simliklarni etishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etildi. Dorivor o`simliklarni ilmiy asosda etishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish Markazning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Markazning o`rmon fondi erlarida xususiy sektorni jalb etgan holda dorivor o`simliklarni etishtirish va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari tashkil etiladi. Qarorga ko`ra, Nukus, Xo`jayli, Qorako`l, Baxmal, Zomin, Kitob, Uzun, Boysun, Burchmulla, Ohangaron davlat o`rmon xo`jaliklari dorivor o`simliklarni etishtirishga, Quyi Chirchiq ixtisoslashgan davlat o`rmon xo`jaligi dorivor o`simliklar urug` va ko`chatlarini tayyorlashga ixtisoslashtiriladi. Shuningdek, G`allaorol, Kogon hamda Urgut ixtisoslashgan davlat o`rmon xo`jaliklari tashkil etiladi.
2021/2022 o`quv yilidan:
- respublika oliy ta`lim muassasalari biologiya yo`nalishlarining 3 va 4-kurslarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar tarkibidan alohida guruhlarda chuqurlashtirilgan o`qitish amaliyoti yo`lga qo`yiladi;
- barcha qishloq xo`jaligiga ixtisoslashgan kollej va texnikumlarda “Dorivor o`simliklar etishtirish agrotexnologiyasi” yo`nalishi ochiladi.






