Yurtimizda koronavirus bilan bog`liq vaziyat murakkablashgan sharoitda aholining kasallik bilan bog`liq savollariga o`z vaqtida javob berish, tibbiy yo`l-yo`riq ko`rsatish tizimi yo`lga qo`yilgan edi. Bu tezda samara berib, aholidan kelayotgan murojaatlar oqimi bir tizimga tushishiga sabab bo`ldi, deb yozmoqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.
So`nggi vaqtlarda uy sharoitida davolanayotgan bemorlarga hamda karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat va axborot berish maqsadida tunu-kun uzluksiz faoliyat ko`rsatuvchi 1105 qisqa raqamli “Call-center”ga murojaatlarning keskin kamaygani kuzatildi.
Ayni paytga kelib, koronavirus bilan bog`liq epidemiologik vaziyat biroz barqarorlashgani inobatga olinib, 1105 qisqa raqamli “Call-center” faoliyatini vaqtinchalik to`xtatish va uning vazifalarini 1003 – “Call-markaz”iga yuklatish belgilandi.






