1

Parkinson xastaligi yosh tanlamaydi... mi?

Salomatlik 20.01.2016, 13:06
Parkinson xastaligi yosh tanlamaydi... mi?

“62 yoshga to`lgan umr yo`ldoshimga shifokorlar parkinsonizm tashxisini qo`yishdi. Vaqti-vaqti bilan qo`l-oyoqlari titrab, huruj qiladi. Shovqin-suronga tobi yo`q, madorsiz bo`lib qolgan. Bu xastalikni bedavo deyishadi. Haqiqatan ham shundaymi balki, davolash mumkindir? Sog`ayganlar ham bo`lsa, ajab emas. Umuman, bu kasallik haqida ma`lmuot bersangiz...”

Tastibay Jarimbetov, Qoraqalpog`iston Respublikasi

Mavzu yuzasidan tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor-nevrolog Nargiza Mirzaahmedova ma`lumot beradi.

Parkinsonizm asab faoliyatining ekstrapiramid tizimi zararlanishi asoratida kelib chiqadigan xastalikdir. Dunyoning aksariyat mamlakatlarida ushbu xastalik bilan og`riganlar soni bir qancha foizni tashkil etadi. Odatda parkinsonizm deyilsa, ko`z o`ngimizda keksa yoshli kishilar gavdalanadi. Buni qarangki, kasallik nafaqat qariyalar balki o`rta yoshlilar orasida ham uchrashi mumkin ekan.

XASTALIKMI YoKI SINDROM?

FARQI NIMADA?

Bu kasallik 1817 yil mashhur ingliz shifokori Jeyms Parkison tomonidan ilk marta tavsif etilgan bo`lib, xastalik nomi ham olim sharafiga qo`yilgan. Ma`lumotlarga ko`ra parkinsonizmga chalinish ehtimolining ortishi 60 yoshdan oshgan kishilarda 1 % ni, 70 yoshdan so`ng 2,6% ni tashkil etishi mumkin. Shu bilan birga 5-10% ko`rsatkich 20-50 yoshlilar orasida ham qayd etiladi. Xastalik faqat ateroskleroz hisobiga kelib chiqmaydi. Ruhiy muvozanatning buzilish yohud qattiq stress ham xastalik uchun etarli asosdir.

Tibbiyotda parkinsonizmning asosiy ikki turi farqlanadi. Birlamchisi: parkinsonizm kasalligi yoki idiopatik parkinsonizmdir.

Ikkinchisi: ikkilamchi parkinsonizm yoki simptomatik parkinsonizm deyiladi. Kasallikning simptomatik ko`rinishi quyidagi omillar sabab yuzaga kelishi mumkin:

1)Dori vositalarining nojo`ya ta`siri ;

2) Toksin moddalarning zararli ta`siri ;

3) Ensofalitik turi;

4) Jarohatlar oqibatida, qattiq qo`rqish, kuchli ruhiy siqilish ;

5) Bosh miyada o`simta paydo blishi oqibatida;

6)Gidrasefal forma, kalla ichki bosimining ortishi;

7)Qon aylanishi buzilishi oqibatida kelib chiqadigan turlari bor.

QO`L-OYoQLAR QALTIRAYDI....

Boshqa xastaliklardan farqli o`laroq parkinsonizm belgilari yaqqol ko`zga tashlanadi. Shu bois ham bezovtaliklarni oson ajratib olasiz. Kasallik kechayotgan davrda harakatlanish faoliyatining umumiy pasayishi, harakatning sekinlashuvi, qaltirash, mushaklar tarangligining oshishi, titrash, shuningdek, qadam tashlash va holatning buzilishi kuzatiladi. Bemor qo`l kaftini yopib-ochganida «g`ildirak sindromi» ya`ni qirtillagan tovush eshitiladi. Bu plastik turda mushaklar tonusining oshishidir. Shu bilan birga xastalangan bemor yuz-ko`z ifodasi ham hissiz bo`lib, harakati «qo`g`irchoqmonand» bo`ladi.

BU DARD MENGA QAERDAN YoPIShDI?

Miyaning ekstrapiramid tizimi qora substansiya neyronlarining degenirasiya (buzilishi) oqibatida dofomin moddasi sintezining pasayishi kelib chiqadi. Parkinsonizmning asosiy kelib chiqish sababi ham shu. Bundan tashqari nasliy moyillik ham kam miqdordagi omillardan biridir.

TAShHIS ANIQ!

ENDI NIMA QILDIK?

Kasallik tashqi belgilar bilan nomoyon bo`lgani bois shifokor bir ko`rishdayoq taxminiy tashxisni aytishi mumkin. Bemorning qadam bosishi va yuz mimikasidan ham parkinsonizm alomatlarini bilsa bo`ladi. Odatda kasallikka tashxis qo`yishda bemor bilan suhbatlashib, shikoyatlari tinglanadi. So`ng kasallikni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash maqsadida qo`shimcha tahlillar ham buyurilishi mumkin. Bu haqida shifokor ko`rsatmasi bo`lsagina kompyuter rezonans tomografiya hamda qon tahlili o`tkazilishi mumkin.

BIR UMR DAVOLANADIMI?

Har bir inson organizmi o`ziga hos bo`lgani bois muolaja ham individual tarzda bajariladi. Qancha muddat davom etishi va qay tariqa o`tkazilishini ham davolovchi shifokor hal etadi. Odatda mushaklar tonusini pasaytiradigan, titroqni kamaytiruvchi va harakatni faollashtirish uchun dori vositalari buyuriladi. Mazkur dori preparatlari dofomin moddasini tashqaridan etkazib berilishi uchun xizmat qiladi.

Hozirda parkinsonizmni davolashda jarrohlik usullari ham joriy qilingan bo`lib, agar shifokor ko`rsatmasi bo`lsa bajarilishi mumkin. Kasallik oddiy hodisalardan emas, shuning uchun ham muolaja uzoq davom etishi, hatto bir umr shifokor nazorati talab etilishi ham ehtimoldan xoli emas.

MAShQLARNING FOYDASI BORMI?

Bilasiz, har qaysi kasallikda o`ziga hos parhez turi va engil jismoniy mashqlar mavjud. Parkinsonizmda ham shunday. Biroq parhez qilishdan avval shifokoringiz bilan maslahatlashing. Vaholanki, parkinsonizmning ateroskleroz hisobiga kelib chiqqan turida xolesterin miqdori kam bo`lgan mahsulotlar tavsiya etilsa, yoshga doir o`zgarishlar uchun bu usul to`g`ri kelmasligi mumkin. Jismoniy mashqlarni bajarishda ham albatta mutaxassis tavsiyasini oling. Yo`qsa biror bir nojo`ya harakat tana a`zolariga zo`riqish berishi mumkin. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1