AsosiyJamiyat

Prezident topshirig`i ijrosi: Pedagogning aniq maqomini belgilovchi qonun loyihasini ishlab chiqildi

'Prezident topshirig`i ijrosi: Pedagogning aniq maqomini belgilovchi qonun loyihasini ishlab chiqildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 oktyabr – O`qituvchi va murabbiylar kuniga bag`ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida ilgari surilgan o`qituvchining jamiyatdagi nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan tashabbusini amalga oshirish yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan Xalq ta`limi vazirligi va Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan birgalikda “Pedagog xodimning maqomi to`g`risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Yangi Qonun loyihasida quyidagilar taklif etilmoqda:

  1. pedagog xodimlarning sha`ni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to`lashdan ozod etish;
  2. pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan ishlarga, yig`ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash;
  3. pedagog xodimga umumiy belgilangan yoshdan besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqini taqdim qilish;
  4. pedagog xodim tomonidan uy-joy va avtotransport vositasini xarid qilish uchun uning oylik ish haqidan yo`naltiriladigan mablag`larni daromad solig`idan ozod etish;
  5. pedagog xodimga ellik olti ish kunidan iborat yillik haq to`lanadigan uzaytirilgan ta`til, shuningdek, ta`til berilganida, kalendar yilida bir marta bazaviy lavozim maoshi miqdorida sog`lig`ini tiklash uchun moddiy yordam berish;
  6. pedagog xodimning bazaviy lavozim maoshining eng kam miqdorini belgilash va ko`p yillik xizmati uchun ustama to`lash tizimini joriy etish;
  7. pedagog xodimni kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash;
  8. oliy ma`lumotga ega bo`lmagan, ammo ta`lim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodimlarni oliy ta`lim muassasalariga pedagogika yo`nalishi bo`yicha imtiyozli asosda o`qishga qabul qilish.

Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. 

Ma`lumotga ko`ra, bugungi kunda mamlakatimizda xalq ta`limi tizimidagi muassasalarning o`zida yarim milliondan ortiq pedagog xodimlar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, ushbu ta`lim muassasalarida 6,5 millionga yaqin o`quvchilar ta`lim olib kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar