Qozog`iston poytaxti Nur-Sulton shahri mamlakatdagi eng iflos shahar deb tan olindi: bu erda havo ifloslanishi indeksi inqiroziy darajaga etdi. Bu haqda "Nastoyashee Vremya" telekanali ma`lum qildi.
Ekologlar va mahalliy aholi bunda uylarni isitishda ishlatilayotgan ko`mirning hissasi kattaligi, shuningdek, eski, ekologik toza bo`lmagan transport vositalarining yo`llardagi tirbandligi bilan izohlashmoqda.
Jumladan, Nur-Sultondagi xususiy xonadonda yashovchi fuqarolardan biri kuchli sovuq bo`lgan kunlari uyini isitishga bir sutkada 12 chelak ko`mir ketishini aytgan. U Qozog`iston shimolida qish juda sovuq bo`lgani uchun sifatli ko`mirsiz yashab bo`lmasligini, lekin bunga har kimning qurbi etmasligi, qolaversa, ko`chada nafas olish ham qiyinligini ham aytib, tashqaridagi mo`rilarga ishora qilgan. "Har bir uydan bunday tutun chiqsa, bu yomon. Undan ko`ra gaz yaxshi. Zararli chiqindisi ham oz...", - deydi fuqaro.
Qayd etilishicha, poytaxt aholisi qishdagi havo ularni qo`rqitishini tan oladi. Ba`zilar nafas ololmaydi va bosh og`rig`idan shikoyat qiladi.
Qozog`iston Ekologiya vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, Nur-Sulton haqiqatan ham mamlakatning eng iflos shaharlaridan biri hisoblanadi. 2019 yilda o`tkazilgan monitoringda Qozog`istonning 45 shaharlaridan 10 tasi ifloslangan shaharlar ro`yxatiga kirib qolgan. Bular: Nur-Sulton, Olmaota, Qarag`anda, Temirtoy, Oqtov, Atirau, Aqtobe, Balxash, Ust-Kamenogorsk va Chimkent.
Ekspertlar fikricha, bunday bo`lishiga binolarning ko`mir va o`tin bilan isitilishi bosh "aybdor". Shu bilan birga, markaziy yo`llardagi tirbandliklar, shaharda eski mashinalar va aholi soni ko`pligi ham havoga ta`sir qilmoqda.
Rasmiylar hozircha faqat va`da berishmoqda. Ya`ni 2024 yilgacha mamlakat shaharlari havosi toza bo`lishini, buning uchun ko`p miqdorda daraxtlar ekish, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash ulushini oshirish, yirik shaharlardagi IESlarni gazga o`tkazish rejalashtirilgan.