AsosiyJamiyat

Toshkentda daraxtga urilgan “Malibu” yonib ketdi

'Toshkentda daraxtga urilgan “Malibu” yonib ketdi'ning rasmi

28-noyabrdan 29-noyabrga o`tar kechasi soat taxminan 3.40 larda Abdulla Qodiriy ko`chasida joylashgan «Ramada» mehmonxonasi yaqinida fuqaro Z.S. boshqaruvidagi “Malibu” rusumli  (d/r  01 F550 JB) avtomobil ishtirokida yo`l-transport hodisasi yuz bergan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

 Avtoulovda 33 yoshli N.F. ham bo`lgan. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, haydovchi boshqaruvni yo`qotib, mashina daraxtga urilgan. O`sha paytda ushbu yo`nalishda harakatlanayotgan va   avtohalokatga guvoh bo`lgan haydovchilar “Malibu” haydovchisi va uning yo`lovchisini qutqarib qolishgan hamda voqea guvohlaridan biri jabrlanganlarni o`z mashinasida kasalxonaga olib borgan.

Shifokorlarning so`zlariga ko`ra, "Malibu" haydovchisi va yo`lovchisi engil tan jarohati olgan, ularning holati qoniqarli deb baholanmoqda.

Voqea joyida fuqaro Z.S. va N.F. lar avtomobildan chiqarilganidan so`ng, “Malibu” motor bo`linmasida yong`in sodir bo`lgan, bu haqda  guvohlardan biri "101" tez yordam raqami orqali xabar bergan. Yong`in haqida chamasi soat 03.30 larda FVBga xabar berilgan, chaqiruv asosida voqea joyiga zudlik bilan yong`in xavfsizligi xodimlari etib borib, soat 03.54 da yong`in to`liq bartaraf etilgan.       

Hozirgi vaqtda Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan avtohalokat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ayni paytda Internet tarmoqlarida voqea videolavhasi tarqalmoqda, uning muallifi “Malibu” haydovchisi va yo`lovchisi qutqarilib, kasalxonaga etkazilganidan so`ng voqea joyida bo`lgan. Ammo video muallifi vaziyatni to`liq tushunmay, aftidan, jamoatchilik o`rtasida norozilik keltirib chiqarish, huquqni muhofaza qilish idoralarini salbiy tomondan ko`rsatish maqsadida, forma kiygan odamlarga asossiz da`volar bilan murojaat qilgan. Shu bilan birga, videoning taglavhasida forma kiygan odamlar go`yoki O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchilari ekanligi aytilgan. Aslida esa, uyali telefon kamerasining ob`ektiviga yaqin atrofdagi "Lokomotiv" parkining qo`riqchilari tushib qolishgan.

 

    Boshqa yangiliklar