AsosiyJamiyat

MIBning vakolatlari yana qisqartirildi

'MIBning vakolatlari yana qisqartirildi'ning rasmi

"Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi O`zbekiston Prezidenti farmoni e`lon qilindi. 

Hujjat bilan O`zbekistonda elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzishga oid jinoyatlarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish vazifasi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning hududiy bo`linmalari tomonidan amalga oshirilishi belgilab berildi.

Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish bilan bog`liq ma`muriy huquqbuzarliklarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish vazifasi esa ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2020 yil 1 dekabrdan boshlab quyidagicha tartib o`rnatiladi:

- ma`muriy jarima qo`llash to`g`risidagi ijro hujjatlari MIB organlariga jarimani ixtiyoriy to`lash uchun muddatlar tugaganidan so`ng taqdim etiladi, bunda jarimani ixtiyoriy to`lash imkoniyati to`g`risida huquqbuzarni xabardor qilgan holda unga ma`muriy jarima qo`llash to`g`risidagi qarorning topshirilganligi yoki yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat ijro hujjatiga majburiy tartibda ilova qilinadi;

- ijro hujjatini majburiy ijro etish davomida qarzdorning xatlangan mol-mulki boshlang`ich narxdan 30 foizlik chegirma bilan, Davlat byudjetiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo`yicha sotilayotgan mol-mulk esa – hududiy kengashlar qaroriga muvofiq

- 50 foizgacha chegirma bilan narxni oshirib borish uslubida o`tkaziladigan dastlabki elektron onlayn-auksionga qo`yiladi, bundan garovga qo`yilgan mol-mulk bilan ta`minlangan qarzdorlikni undirish to`g`risidagi ijro hujjatlari mustasno.

Mulkiy tusga ega bo`lgan ijro hujjatlari bo`yicha undiriladigan ijro yig`imi:

- undiruv summasi BHMning 1000 baravari (223 million so`m)dan ortiq bo`lmagan ijro hujjatlari bo`yicha — undirilayotgan summaning 5 foizi;

- undiruv summasi BHMning 1000 baravari (223 million so`m)dan ortiq bo`lgan ijro hujjatlari bo`yicha — undirilayotgan summaning 2 foizi miqdorida o`rnatiladi.

Bunda, ijro yig`imi qo`llanilgan ijro ishlari birlashtirilgan taqdirda, qo`llanilgan ijro yig`imining miqdori o`zgartirilmaydi.

Eslatib o`tamiz, bir muddat avval MIBning aholidan kommunal to`lovlar bo`yicha qarzdorliklarini undirish bo`yicha vakolati qisqartirilgan edi. 

 

    Boshqa yangiliklar