AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 9 yoshga to`lmagan bolalarning uchdan bir qismi eng kambag`al qatlamdagi oilalarda yashaydi — YuNISEF

'O`zbekistonda 9 yoshga to`lmagan bolalarning uchdan bir qismi eng kambag`al qatlamdagi oilalarda yashaydi — YuNISEF'ning rasmi

 YuNISEFning «2019/2020: O`zbekistondagi bolalar vaziyatining tahlili» hisobotida qayd etilishicha, O`zbekistonda bolali oilalar aholining eng kambag`al qatlamlariga mansub bo`lib qolgan.

O`tkazilgan tadqiqotlar O`zbekistonda kambag`allik darajasi bolali oilalar orasida ayniqsa yuqori ekanini ko`rsatmoqda.

«9 yoshgacha bo`lgan bolalarning taxminan 30 foizi va 10 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan bolalarning 24 foizi aholining eng kambag`al qatlamlariga mansub oilalarda yashaydi», – deyiladi YuNISEF dokladida.

Baholashlarga ko`ra, 2018 yilda O`zbekiston aholisining 11,4 foizi milliy kambag`allik darajasida yashagan.

Bolalar nafaqalari bilan qamrab olish darajasi pasaymoqda

YuNISEF tahlillariga ko`ra, O`zbekistonda eng kambag`al uy xo`jaliklarining 52 foizi ijtimoiy himoyaning milliy tizimi tomonidan hech qanday yordam bilan qamrab olinmagan.

Boz ustiga, bolalari bor oilalarni qo`llab-quvvatlash uchun mo`ljallangan bolalar nafaqalarining uchta turi bilan qamrab olish darajasi muntazam pasayib bormoqda.

«Masalan, 2 yoshgacha bo`lgan bolani parvarishlash uchun nafaqa oluvchilar soni 2009 yildan boshlab 60 foizga kamaydi. 2 yoshdan 14 yoshgacha bolalari bor oilalarga to`lanadigan nafaqalar vaqt o`tib qisqardi: endilikda atigi 10 foizgina bolalarni qamrab olmoqda.

Hozirgi vaqtda 0–17 yoshdagi bolalarning faqat 17 foizi bola uchun biror turdagi nafaqa (bolani parvarishlash uchun nafaqa, oilaviy nafaqa yoki bolalar nogironligi bo`yicha nafaqa) oladigan uy xo`jaliklarida yashaydi», – deyiladi hisobotda.

Nogironligi bor bolalarning yarmi nogironlik nafaqasini olmayapti

Qayd etilishicha, O`zbekistonda nogironligi bor bolalarning nafaqa olish huquqiga ega bo`lishi oson emas. Buning uchun ular nogironlikni belgilash murakkab jarayonidan o`tishlari kerak, bu jarayon esa mablag` sarflashni talab qiladi.

Shu sababli nogironligi mavjud bolalarning qariyb yarmi (48 foizi) ana shu nafaqani olmayapti, deyiladi YuNISEF hisobotida.

Tahlillarga ko`ra, O`zbekistonda bolalar nogironligi bo`yicha nafaqa to`lash uchun ajratilgan byudjet past darajada bo`lib, YaIMning atigi 0,21 foizini tashkil qilgan.

    Boshqa yangiliklar