Farg`ona viloyatida «Agrobank»ning tuman filiali boshqaruvchisi bir milliard so`m kredit mablag`ini talon-toroj qilgan. Bu haqda viloyat prokurori Ulug`bek Qosimov viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag`ishlangan yig`ilishda ma`lum qildi, deya xabar bermoqda «Daryo».
Ma`lum bo`lishicha, 30 noyabr kuni Farg`ona viloyati hokimligida o`tkazilgan yig`ilishda viloyat prokurori davlat mablag`larini talon-toroj qilish bilan bog`liq jinoyatlarga to`xtalib o`tgan.
Ta`kidlanishicha, «Agrobank»ning Buvayda filiali boshqaruvchisi O.X. juda ko`p miqdordagi imtiyozli kredit mablag`larini talon-toroj qilgani uchun ikki marotaba sudlanib, bank tizimidan bo`shatilgan sobiq rahbar X.M. bilan jinoiy til biriktirib, bolalar oyoq kiyimi ishlab chiqarish faoliyati bilan shug`ullanish bahonasida uch yil muddatga bir milliard so`m miqdorda kredit olgan. Bankning sobiq boshqaruvchilari olingan kredit mablag`ini belgilangan maqsadda sarflamasdan, o`z xarajatiga sarflab yuborgan.
Viloyat prokurorining aytishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






