AsosiyJamiyat

Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga jo`natish bilan shug`ullanib kelgan samarqandilik 24 yoshli yigit qo`lga olindi

'Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga jo`natish bilan shug`ullanib kelgan samarqandilik 24 yoshli yigit qo`lga olindi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi DXX-IIV xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini yollab, Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga jo`natish bilan shug`ullanib kelgan shaxsning faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda IIV Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Mavjud ma`lumotlarga ko`ra, 1996 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan O.Xoshimov, 2019 yilda Misr Arab Respublikasida o`qishi davomida xalqaro terrorchilik tashkiloti rahnamolarining g`oyaviy ta`siriga tushib, u erga yurtimizdan diniy ta`lim olish maqsadida borgan yoshlar orasida o`zining aqidaparastlik g`oyalarini targ`ib qilgan hamda Suriya davlati hududida faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotining safiga qo`shilishga da`vat qilib, ularni yuborish bilan shug`ullanib kelgan.

Ushlangan shaxsning uyali telefon apparati xotirasida ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlanib, prosessual tartibda olib qo`yilgan.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib,  tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan "Tavhid va jihod katibasi" xalqaro terrorchilik tashkiloti faoliyati O`zbekiston Respublikasi hududida taqiqlangan tashkilotlar ro`yxatiga kiritilgan.

Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo`l qo`ymaslik maqsadida, ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali saytlarda tarqatilayotgan buzg`unchi g`oyalar ta`siriga tushib, aldanib qolmasliklari, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari hamda internet tarmog`ida noxolis, tekshirilmagan va asossiz materiallarni tarqatish bilan shug`ullanmasliklarini so`raymiz.

Kimda kim o`zi yoki yaqinlari ushbu shaxsning ta`siriga tushgan yoki harakatlaridan jabrlangan bo`lsa, eng yaqin bo`lgan ichki ishlar organlariga yoki "102" telefon raqamiga murojaat qilishingizni so`rab qolamiz.

 

    Boshqa yangiliklar