2020 yil 1 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo`lib o`tdi. Unda deputatlar “Umumta`lim maktablarida vatanparvar avlodni tarbiyalash, yangi joriy etilgan “Tarbiya” fani o`qitilishini tashkil etish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida”gi masalani muhokama qildilar. Xalq vakillarining ushbu masala yuzasidan savollariga O`zbekiston Respublikasi xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov javob berdi.
Vazirning ta`kidlashicha, mamlakatimizda xalq ta`limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma`naviyatini yuksaltirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, maktablarda ma`naviy-tarbiyaviy ishlar yangicha asosda tashkil etilib, “Milliy g`oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg`usi” kabi fanlar asosida yagona “Tarbiya” fani joriy qilindi. 2020-2021 o`quv yilidan 1-9-sinflarda o`qitish yo`lga qo`yildi. 10-11-sinflarda esa mazkur fan 2021-2022 o`quv yilidan boshlab joriy etiladi.
Deputatlar “Tarbiya” fanini o`qitish bo`yicha olib borilayotgan tashkiliy ishlar bilan qiziqdilar.
Ma`lumotga ko`ra, umumiy o`rta ta`lim muassasalarida “Tarbiya” fani 1-9-sinflarda haftasiga 1 soatdan, o`quv yili davomida esa 34 soat o`qitiladi. Shuningdek, o`qituvchilar uchun “Tarbiya” fani bo`yicha darslarni tashkil qilish yuzasidan zamonaviy yondashuvlar o`rin olgan uslubiy qo`llanma ishlab chiqildi. “Tarbiya” fanini o`qitish texnologiyasi” nomli qo`llanma nashrga tayyorlandi. “Tarbiya” fani bo`yicha o`quv-uslubiy ta`minotning axborot platformasini yaratish maqsadida internet tarmog`ining www.tarbiyam.uz domenida fanga doir ma`lumotlar va vazifalari bayon etilgan o`qituvchiga uslubiy yordam ko`rsatuvchi ma`lumotlar bazasi yaratildi. Bu platformada o`qituvchilar uchun “Tarbiya” fanining maqsad-vazifalarini ochib beruvchi me`yoriy-huquqiy hujjatlar – fan konsepsiyasi, Davlat ta`lim standartlari, o`quv dasturi, uslubiy tavsiyalar, taqvim-rejalar, fanni o`qitishga doir texnologiyalar, dars ishlanmalari, qo`shimcha manbalar joylashtirilmoqda. Shuningdek, platformada o`quvchilar va ota-onalar uchun maxsus ruknlar ham mavjud.“Tarbiya” fanining 1-9-sinflarga mo`ljallangan darsliklari yaratilib, undagi mavzularga oid 21 ta videoroliklar darsliklarga QR-kod bilan kiritildi.
Mazkur darsliklarda yoshlarni fikrlashga o`rgatadigan, ularni milliy qadriyatlarimizga sodiq, vatanparvar etib tarbiyalashga xizmat qiladigan zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanishga qay darajada e`tibor qaratilgan? Xalq vakillari “Hukumat soati”da ushbu savolni ham o`rtaga tashladi.
Vazir javobiga ko`ra, “Tarbiya” fanining o`quv dasturi va darsliklarida vatanparvarlik, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, mas`uliyatlilik, bag`rikenglik, huquqiy madaniyat, innovasion fikrlash, mehnatsevarlik kabi ko`nikmalarni shakllantirishga alohida urg`u berilgan. Xususan, bunda milliy an`analar, ulug` allomalarning xayot va yo`llari, asarlari, zamondosh qahramonlarning faoliyati ibrat sifatida keng foydalanilgan. Mavzularni o`qitishda bugun jahon miqyosida ommalashgan “Loyiha asosida o`qitish”, “Qiziqishlar asosida ta`lim berish”, “Art-fest”, “Namuna ko`rsatish”, “Misollar orqali o`qitish”, “Vaziyatlarni tahlil qilish” kabi ta`lim berishning ilg`or texnologiya va uslublari qo`llanilgan.
“Hukumat soati”da deputatlar ta`lim muassasalarida o`quvchilar orasida sog`lom turmush tarzini shakllantirish, badantarbiya mashg`ulotlari va shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilinishini kundalik turmush tarziga singdirish, sog`lom va to`g`ri ovqatlanishni targ`ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo`yicha ham savol berdilar.
Qayd etilganidek, xalq ta`limi tizimidagi 10 008 ta umumiy o`rta ta`lim muassasasida 6 mln. 236 ming nafar o`quvchi tahsil oladi. Bugungi kun o`quvchi-yoshlarni har tomonlama etuk va barkamol bo`lib ulg`ayishlarini nazarda tutib, vazirlikda Sog`lom ovqatlantirishni tashkil etish va tibbiy xizmat ko`rsatishni muvofiqlashtirish sho``basi tashkil etilgan. Sho``ba tomonidan umumiy o`rta ta`lim maktab o`quvchilarining sog`lom ovqalanishini tashkil etishni yanada takomillashtirish, belgilangan sanitariya qoidalari, me`yorlari va gigiena normativlari talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, maktab oshxonasini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash va taomlar sifatini yaxshilashga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Xalq ta`limi tizimidagi umumta`lim maktablarining
7 672 tasida sport zal, 26 584 ta (basketbol, voleybol, futbol, gandbol, mini-futbol) sport maydonchalari va tennis kortlari mavjud. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida respublikadagi umumta`lim maktablarida tashkil etilgan tasviriy san`at, musiqa, sport, axborot texnologiyalari, qizlarga kasb o`rgatish yo`nalishidagi to`garaklari va kitobxonlik klublari tashkil etilib, ularga jami 3,9 mln. nafar o`quvchilar jalb etilgan.
Qizg`in bahs-munozaralarga boy kechgan “Hukumat soati”da ushbu yo`nalishda olib borilayotgan islohotlarni yanada rivojlantirish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Muhokamalar yakunida mazkur yo`nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta`minlashga kelishib olindi.






