Fuqarolar notarius tasdiqlaydigan hujjatning qonuniy bo`lishiga va o`zlarining haq-huquqlariga rioya etilishiga ishongani uchun notarial idoraga boradi.
Bugun yurtimizda aholining mulkiy huquqlari himoyasini ta`minlash uchun 850 dan ortiq notariuslar faoliyat yuritmoqda. Islohotlar tufayli shu yilning may oyidan boshlab 95 foiz davlat notariuslari xususiy notarius sifatida ish boshlashdi va natijada idoralarda uzoq navbat kutish, sansalorlik, qo`pol muomala kabi tizimli kamchiliklar sezilarli kamaydi, notarial harakatlarni amalga oshirish vaqti deyarli 3 baravarga tezlashdi. Chunki, xususiy notarius avvalgidek oylik ish haqqiga, kun o`tari uchun ishlaydigan xizmatchi emas, balki amalga oshirgan harakati natijasidan manfaatdor, noqonuniy harakati uchun esa moddiy javobgar shaxsga aylandi.
To`g`ri avval ham (1997-2010 yillarda) cheklangan miqdorda xususiy notariuslar ishlashiga ruxsat berilgan edi. Lekin o`sha davrda ko`pchilik xususiy notariuslar daromad orqasidan quvib turli qonunbuzarlikka, hatto jinoyatga qo`l urganligi sababli xususiy notariat tugatilgan edi.
Yangidan tashkil etilgan xususiy notariuslar ham shunday qilmasligiga kafolat bormi? Albatta, buni 100 foiz kafolatlab bo`lmaydi. Lekin, avvalgidan farqli o`laroq, bugungi kunda adliya organlari tomonidan notariuslar faoliyatini elektron monitoring qilish tizimi yaratildi. Ya`ni, avval adliya organlari 3 yilda bir marotaba notariuslarning minglab harakatlari yuzasidan to`plangan qog`oz hujjatlarni tanlov asosida 1-2 kun davomida tekshirgan bo`lsa, hozirgi mavjud elektron tizim qisqa soatlarda barcha notariuslarning hamma harakatlarini tahlil qilish va ulardagi qonunbuzilishlarni aniqlash imkoniyatini beradi.
Qayd etish kerak-ki, xususiy notarius tashkil etilishi bilan davlat notariuslari faoliyatidagi barham topgan kamchiliklar o`rniga yangi muammolar ham yuzaga keldi. Ya`ni, moddiy manfaatdorlik sabab ayrim notariuslar hujjatlarda kamchilik bo`lsada, harakatni rasmiylashtirish, notariuslar o`rtasida o`zaro mijoz talashish, kamchiliklarni nazorat organlaridan har xil yo`llar bilan yashirish kabilar shular jumlasidandir.
Bunday muammolarga barham berish va notariat sohasida qonuniylikni ta`minlash maqsadida o`tgan 7 oyda o`tkazilgan monitoring va nazorat tekshiruvlari natijasida qonunbuzilishiga yo`l qo`yganligi uchun 160 nafar xususiy notariusning lisenziyasini amal qilishi turli muddatlarga to`xtatildi.
Bu notariuslar notarial harakatlarni rasmiylashtirishda fuqarolarining mulk huquqiga daxl qilishi mumkin bo`lgan notarial harakat taraflarining barmoq izlarini olmaslik, mulkni tasarruf etishda er (xotin)ning roziligini olmaslik, taqiqdagi mulkni tasarruf etish, bitimlar bo`yicha kommunal
va majburiy to`lovlardan qarzni tekshirmaslik kabi jiddiy qonunbuzilishlarga yo`l qo`yishgan.
Agar notarius kamchilikka bilmasdan yoki e`tiborsizlik sabab yo`l qo`ygan bo`lsa, qonunbuzilishining og`ir yoki engilligiga qarab Malaka komissiyalari tomonidan chora belgilanadi. Notariusning bila turib, manfaat ko`rish yoki nazorat organini chalg`itish maqsadida ataylabdan kasbiga mos kelmaydigan harakatlarni sodir etganligi ham komissiyada e`tiborga olinadi.
Masalan, shu yilning iyun oyida 243 ta holatda xususiy notariuslar tomonidan kommunal xizmatlar va majburiy to`lovlardan qarzi mavjud bo`lsada, notarial harakat rasmiylashtirilganligi uchun 84 nafar notariuslarning lisenziyasi 15 kun muddatga to`xtatildi.
Lekin, jazodan qutilib qolish maqsadida Jizzax viloyatidagi xususiy notariuslar A. Haydarov, M. Malikov, U. Abdujalilov, Sh. Tojiboev
va B. Murtazovlar, Andijondagi A. Axmadjonov va G. Raximovalar, Namangandagi A. Artikov va Toshkent shahridagi M. Shodmonova va Sh. Kalandarovalar soxta ma`lumotlar asosida qarzi yo`q degan hujjat shakllantirib, adliya organlarini chalg`itishga uringan. Notarius kasbiy faoliyatiga mutlaqo to`g`ri kelmaydigan hujjatlarni qalbakilashtirish kabi qo`pol qonunbuzilish uchun hududiy malaka komissiyalari qarori bilan ularga berilgan lisenziyani amal qilishi 3 oygacha muddatga to`xtatildi. Tegishli materiallar esa huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Albatta 3 oy faoliyat yuritmagan notarius katta miqdorda tushumdan ayriladi va xodimlar ishsiz qoladi. Lekin unutmaslik kerakki, notarius kasbi juda katta mas`uliyat, uning noto`g`ri harakati oqibatida fuqarolar katta miqdorda moddiy zarar ko`rishi mumkin. Lekin, shaxsiy manfaatini ustun bilgan ayrim notariuslar o`z xatolarining mohiyatini tushinishni istamasdan, turli usullar bilan adliya organlari va Malaka komissiyalari faoliyatiga ta`sir o`tkazishga harakatlar qilmoqda.
Qayd etish kerak-ki, notariat sohasini takomillashtirish orqali aholiga sifatli huquqiy xizmat ko`rsatish tizimini yanada rivojlantirish adliya organlarining asosiy maqsadi hisoblanadi. Bu borada halol va samarali ishlayotgan notariuslarni har tomonlama qo`llab quvvatlaydi.
Shu bilan birga, nopok, shaxsiy manfaat ortidan qonunlarni mensimaydigan yoki qo`pol buzadigan notariuslarga nisbatan qat`iy choralarni ko`rishni davom etadi. Bunday harakatlarga nisbatan har qancha bosim yoki tahdidlar Adliya organlarining adolatli qaror qabul qilishiga hech qanday ta`sir o`tkaza olmaydi.
Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






