Adliya vazirligining ma`lum qilishicha, “Aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori (735-son, 19.11.2020 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, maktablar kamida bitta sport turiga ixtisoslashtiriladi va ularda har oyda kamida bitta sport turi bo`yicha sport musobaqalari o`tkaziladi.
2021/2022 o`quv yilidan boshlab:
● ekstremal sport va sport turizmi bo`yicha kadrlar tayyorlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida alohida kafedra ochiladi;
● “Sport tadbirlarini sharhlovchi”, “Yirik sport tadbirlarini tashkillashtirish (promouter)” hamda “Ommaviy sportni rivojlantirish va sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish” bo`yicha magistratura mutaxassisliklariga qabul boshlanadi.
2020 yil 1 dekabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda hokimlar va o`rinbosarlariga “Shaxsiy namuna” tamoyili asosida haftada kamida bir marta avtomobillardan foydalanmagan holda ishga kelishi va ketish tavsiya etildi;
2021 yildan boshlab 22 sentyabr kuni respublika bo`yicha “Avtomobilsiz kun” sifatida e`lon qilindi.
2021 yil 1 aprelga qadar mahallalar, qishloqlar, tumanlar, shaharlardagi piyoda va velosipedda yurish uchun mo`ljallangan “Salomatlik yo`laklari” tashkil etiladi. Mazkur yo`laklarda avtomobil qo`yishni taqiqlovchi belgilar va yo`laklarning boshlanish qismiga maxsus to`siqlar o`rnatiladi.






